Malayziya elchisi O‘zbekiston bilan sayyohlik yo‘nalishidagi hamkorlik holatiga baho berdi
Pandemiya qoidalari yengillashuvi bilan Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sayyohlik almashuvi oshishi kutilmoqda. Bu haqda Malayziyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan 14-sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.
«Truly Malaysia Roadshow» tadbiri doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida Malayziya turizm agentligi bosh direktori o‘rinbosari Iskandar Mirza bin Muhammad Yusuf, agentlikning Olmaota idorasi vakili Nor Shazli bin Azmi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi vakili Shuhrat Mirsaidov ham ishtirok etdi.
«Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikda turli sohalar qatori turizmga ham alohida e’tibor qaratamiz. Bu borada birgina fakt – Malayziya O‘zbekiston fuqarolariga birinchilardan bo‘lib viza tartibini bekor qilganini qayd etish mumkin. Koronavirus pandemiyasi turizm yo‘nalishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Endilikda soha oyoqqa turmoqda. Biz ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar almashuvi oshishi, sayyohlik operatorlari, mehmonxona egalari, umuman, mazkur sohada ishlaydigan xizmatchilar ishbilarmonlik robitalarini yanada kengaytirishi tarafdorimiz», – dedi Malayziya elchisi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat ham bu borada katta salohiyat va imkoniyatga ega.
«O‘z davrida islom dini beshiklaridan bo‘lgan O‘zbekiston qadimiy tarixiy obidalari va boy merosi bilan sayyohlarni jalb etadi. Malayziya ham go‘zal tabiati, betakror pazandaligi va rivojlangan sayyohlik infratuzilmasi bilan turizm bozorida o‘z mavqeini yanada mustahkamlamoqda. Turli elat, din va madaniyat vakillari ahil yashab kelayotgan Malayziyadan turfa did va ta’bga ega sayyohlar istaganini topishiga ishonchim komil», – dedi Hendi Assan.
Diplomat ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik almashuvini oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasi Kuala Lumpurga haftasiga 2 marotaba parvozlarni amalga oshirib kelgan, ammo pandemiya sabab aviaqatnovlar to‘xtagan edi. Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, joriy yil noyabrdan Toshkent – Kuala Lumpur – Toshkent yo‘nalishidagi muntazam qatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumanida soha mas’ullari sayyohlik mahsulotlari va xizmatlarini o‘zaro ommalashtirish, bu borada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida so‘zlab berdilar.
Keyingi paytlarda ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish kun tartibidagi muhim masalaga aylandi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov joriy yil 29 mart kuni Malayziyada mazkur mamlakat turizm, san’at va madaniyat vaziri Nensi Shukri bilan uchrashib, bu boradagi hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qilgan edi.
Avval xabar berganimizdek, shu yil Qurbon hayiti kunlari Malayziyadan O‘zbekistonga ziyoratchi sayyohlar uchun ilk charter reys tashkil etildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ushbu reys bilan kelgan malayziyalik ziyoratchilar guruhi bilan Samarqandda uchrashdi.
Joriy yil iyul oyida Kuala Lumpurda tashkil etilgan xalqaro anjumanda Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Qamaruddin Ja’far turizmni O‘zbekiston bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri deb atagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter