Maktablarda o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi o‘rgatiladi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi o‘rgatiladi. Bu borada Prezidentning «O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish belgilandi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda «Ishga marhamat» monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar – bepul, qolgan shaxslar – pullik asosda o‘qitiladi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki «yuguruvchi satrlar» bilan namoyish etiladi.
2024/2025-o‘quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.
2023/2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshiriladi.
2023-yildan boshlab har yili sentyabr oyida «Imo-ishora tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon» tanlovi o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari quyidagicha tartibda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:
1-o‘rin uchun – BHMning 100 baravari;
2-o‘rin uchun – BHMning 65 baravari;
3-o‘rin uchun – BHMning 50 baravari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter