Maktabgacha ta’lim vazirligi «Xabar.uz» jurnalisti ko‘targan muammoga izoh berdi
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida «Otangga bor, onangga bor». Vazirlik o‘z vazifasidan bexabarmi?» nomli maqola e’lon qilingandi. Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati ushbu maqola vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilganini bildirdi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi maqolada ko‘tarilgan muammoni o‘rganib quyidagilarni ma’lum qildi:
Maqola muallifi joriy yilning 28-mart kuni Vazirlar Mahkamasining 244-sonli «Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risidagi» qaroriga asosan O‘zbekistonda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish yuzasidan tushunmovchiliklar, sansanorliklarga duch kelinayotganligini bayon etgan.
Muallif «Arizani kim ko‘rib chiqish kerak?» degan savoliga Maktabgacha ta’lim vazirligining mutaxassislaridan jo‘yali javob ololmaganligini tanqid ostiga olgan.
Vazirlik rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatdan ham vazirlikning 215-52-79 telefon raqamiga murojaat bo‘lgan. Ushbu murojaatga vazirlikka kelgan yangi mutaxassis to‘laqonli javob bera olmagan va devonxona bosh mutaxassisi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-sonli qaroriga tayangan holda murojaatchiga javob qaytarishga harakat qilgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi yangi tizim bo‘lganligi va yangi binoga endigina ko‘chib o‘tganligi hamda vazirlik mas’ullarining telefon raqamlari hali to‘laligicha yo‘lga qo‘yilmaganligini alohida ta’kidlaydi.
Maktabgacha ta’lim vazirligining hozirda test sinovida ishlayotgan www.mdo.uz saytiga vazirlik devonxonasining telefon raqami vaqtincha Ishonch telefoni raqami sifatida joylashtirilganligi ham ushbu muammoni kelib chiqishida ahamiyatga ega. Sabab, har bir vazirlik va idoraning 24 soat murojaatlarni qabul qiluvchi Ishonch telefoni mavjud bo‘lishi shart.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan fuqarolar murojaatini qabul qilish uchun maxsus Ishonch telefon xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun tegishli idora va aloqa kompaniyalariga murojaat etilgan.
Ammo, bu sabablar fuqarolar murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va tezkorlik bilan murojaatchiga javob qaytarishga to‘sqinlik qildi deyishdan yiroqmiz va bu bahona bo‘la olmaydi. Shu bois, vazirlik ma’muriyati murojaatchiga ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratganligi bois o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
Vazirlik tomonidan «Bolani bog‘chaga qanday joylashtirasiz?» mavzusidagi kichik yo‘riqnoma tayyorlandi va www.mdo.uz saytiga hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, shuningdek barcha MTMda ko‘rgazmali banner sifatida joylashtirish uchun tavsiya etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter