Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Majlisda qatnashmagan deputatlar ishdan ketadi – loyiha

Majlisda qatnashmagan deputatlar ishdan ketadi – loyiha

Deputatlar ogohlantirish olganidan keyin ham haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari qonunchilik tashabbusi bilan chiqishdi.

Deputatlarning maqomi to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, shuningdek, deputatning tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil davomida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, shuningdek chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda ham ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Bu qoidalar Senatda doimiy asosda ishlaydigan senatorlarga ham tegishlidir.

Qonun loyihasida deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilganligi uchun ularga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ta’sir choralari ham yanada aniqlashtirilgan.

Unga ko‘ra:

– deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish berish;

– deputatdan, senatordan tegishincha Qonunchilik palatasi, Senat, shuningdek o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzr so‘rashni talab qilish;

– deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilishiga deputat, senator tomonidan yo‘l qo‘yilganligi faktini palata majlisida o‘qib eshittirish;

– deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasida xalq vakillarining tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat bo‘yicha bir kunlik ish haqi uning roziligisiz ushlab qolinishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasi yalpi majlisda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring