Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lukashenkoning Polshani oyoqqa turg‘azgan bayonoti «hazil» bo‘lib chiqdi

Lukashenkoning Polshani oyoqqa turg‘azgan bayonoti «hazil» bo‘lib chiqdi

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko «Vagner» xususiy harbiy shirkati jangchilari Polshaga «ekskursiya»ga borishni rejalashtirayotgani haqidagi tahdidli bayonoti hazil ekanini ma’lum qildi. «Vagner»chilarning katta qismi Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi g‘alayondan keyin Belarusga joylashgani ma’lum.

Avval xabar berganimizdek, Lukashenko 23 iyul kuni Sankt-Peterburgda prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan.

Lukashenko gap orasida «vagner»chilar Polshaning Jeshuv shahriga «ekskursiya»ga boramiz deb qo‘ymayotganini qistirib o‘tar ekan, ularning «fe’li aynib turgan»ini ham pisanda qilgan.

Rasmiy shaxs og‘zidan chiqqan ushbu tahdidli bayonot Yevropa Ittifoqi, xususan, Polshada xavotir bilan qarshi olindi.

Bu orada Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy «Vagner»ning Belarusdan qo‘nim topgan 100 nafar yollanma jangchisi Polsha va Litva chegarasidagi Suvalski koridoriga yaqinlashayotgani haqida bayonot berdi. Moravetskiy «vagner»chilar Belarus chegarachilari niqobida noqonuniy muhojirlarni o‘tkazish orqali Polshadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishini aytgan. U, ayni choqda, Belarusni gibrid hujum uyushtirishda ayblagan. 

Kecha, 1 avgust kuni Brest viloyatida aholi vakillari bilan uchrashgan Lukashenko «vagner»chilarning Polshaga ekskursiyasi haqidagi gap hazil ekanini ma’lum qilgan.

«Vagner»chilar Jeshuv shahriga ekskursiyaga boramiz deya o‘zaro shivirlashyapti degan gapim hazil edi. Gap shundaki, «vagner»chilar Artyomovsk yaqinidagi janglarda minglab a’zosini yo‘qotgan. (Artyomovskka) qurol va texnika esa Jeshuv orqali o‘tgan. Ular buni aslo kechirmaydi», – degan Belarus rahbari.

Lukashenko agar u yo‘ldan qaytarmasa, «vagner»chilar Jeshuv, hatto poytaxt Varshavaga ham bostirib borishi mumkinligini iddao qilgan. Shunga ko‘ra Polsha hukumati unga rahmat aytishi kerakligini uqtirgan.

Keyingi vaqtlarda Rossiya hamda Belarus rasmiy doiralarida Polshaga hujum borasida «bilsa hazil, bilmasa chin» qabilidagi bayonotlar ko‘p yangramoqda. Rossiya sobiq prezidenti, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev hatto Polshani yo‘q qilish bilan tahdid qilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Moskvaning Varshavaga dushmanona munosabati kuchaygani bir necha omil bilan izohlanadi.  

Birinchidan, Ukrainaga G‘arbdan yetkazilayotgan qurol-aslahaning asosiy qismi Polsha hududi orqali o‘tmoqda. Qolaversa, rasmiy Varshava urush boshlanganidan buyon Rossiyaga qarshi murosasiz siyosat yuritmoqda. Siyosiy bosim orqali esa Kreml Varshavaning hovurini bosishga urinmoqda.

Ikkinchidan, o‘tgan oyda yuz bergan Prigojin qo‘zg‘olonidan keyin prezident Putin siyosiy yetakchi sifatida og‘ir jarohatlandi, jinoyatchi to‘da bilan sulh tuzishga majbur bo‘lgan Kreml xo‘jayini  jamoatchilik ko‘z o‘ngida zaif ekanini fosh etib qo‘ydi. Polshaga qarshi tahdidli ritorika ortida Putinning obro‘sini yana ko‘tarishga urinish turibdi.

Uchinchidan, joriy yil kuzda Polshada parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Putin va Lukashenko esa dahanaki jang, po‘pisalar orqali Polshadagi saylov jarayoniga ta’sir o‘tkazish, elektoratni qo‘rqitib qo‘yishga harakat qilmoqda.

Ammo aksar tahlilchilar Rossiya va Belarus amalda Polsha hududiga daxl qila olmaydi degan fikrda yakdil. Negaki, NATO a’zosi bo‘lgan Polsha hududiy yaxlitligiga tahdid solish Shimoliy alyansning 31 davlatiga qarshi urush ochish bilan barobardir. Hozirgi sharoitda esa ikki ittifoqchi davlat bunga jur’at qila olmaydi.

Shunga qaramay, Polsha imperiyachilik vasvasasiga tushgan qo‘shni davlatning tahdidlarini shunchaki hazil deb qabul qilayotgani yo‘q. Varshava Ukraina urushi ortidan mudofaa yo‘nalishidagi xarajatlarni 11 foizga oshirgan. Mamlakat yaqin ikki yil ichida Yevropada eng kuchli armiyani shakllantirmoqchi.

Bir necha oy avval esa Polsha hukumati Rossiya va Belarus bilan chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirish, jumladan, mudofaa to‘siqlari o‘rnatishga kirishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring