London va Parijda kurash musobaqasi o‘tkaziladi. O‘zbekistonda kurash akademiyasi tashkil etiladi
Buxoroda o‘tkazilayotgan Bahovuddin Naqshband nomidagi musobaqa oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov bir qator ma’lumotlarni berib o‘tdi.
Kurash - bir bitta oila. Buxorodagi Bahouddin Naqshband nomidagi musobaqada ishtirok etayotgan har bir davlat vakillari o‘z yurtida kurashimizni rivojlantirish uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda.
Jakartada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi va uning ishtirokchilari oramizda bor. Kelajakda Olimpiada dasturiga kiritilishi uchun harakat qilamiz. O‘zbekiston - barcha kurashchilar uchun ikkinchi vatan.
O‘zbekistonda har yili uchtadan yirik musobaqa o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Yil boshida, o‘rtasida va oxirida. Qator yillar Yevropa, Afrika va Janubiy Amerikada musobaqalar o‘tkazdik. Ammo oxirgi vaqtlarda biroz bo‘shashib qolgan edik. Endi yana qayta tiklashni rejalashtirmoqdamiz. London, Parij va boshqa shaharlarda kurash musobaqalari tashkil etiladi.
Buxorodagi musobaqa esa kurash rivojining yangi bosqichi uchun boshlovchi nuqta bo‘lib qoladi.
Nasib qilsa kelasi yildan e’tiboran kurash akademiyasini tashkil etamiz. Kurash taktikasi, texnikasi va hakamlik bo‘yicha dars o‘tiladi. Jahonning 150 dan ortiq davlatlarida kurash sport turi rivojlanmoqda. Ularning har biridan vakillar taklif etiladi. Bu dargohning nomi akademiya yoki uinversitet bo‘lishi mumkin. Hozircha bu borada aniq qarorga kelganimiz yo‘q.
Bizda hozir kurash instituti bor. Xohlovchilar hozir ham dars olishlari mumkin. Yaqinda ikki haftalik seminar tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter