Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kovid-vaksina bilan shug‘ullanayotgandi: Britaniyadan Rossiyaga qaytgan olim 14-qavatdan qulab halok bo‘ldi

Kovid-vaksina bilan shug‘ullanayotgandi: Britaniyadan Rossiyaga qaytgan olim 14-qavatdan qulab halok bo‘ldi

Foto: UShFU matbuot xizmati

Sankt-Peterburg (Rossiya)da taniqli olim Aleksandr Kaganskiy mudhish hodisa qurboni bo‘ldi.

Politsiyaga xabarni yetkazgan ayolning guvohlik berishicha, u yarim yalang‘och erkak uyning 14-qavatidan pastga tushib ketganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya hodimlari marhumning shaxsini aniqlashdi. Uning tanasida kuch ishlatish izlarini aniqlashgan. Rossiya tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoiy ish ochgani aytilmoqda.

45 yoshli biolog olim tashqi omillarning genlarga ta’sirini o‘rgangan, onkologik kasalliklarga qarshi dorilar yaratishda ishtirok etgan, qolaversa, COVID-19ga sabab bo‘luvchi koronavirusni o‘rganuvchi tadqiqot guruhi a’zosi edi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya shimoliy poytaxtiga Kaganskiy Buyuk Britaniyadan kelgan — Edinburg universitetida sintetik epigenetika laboratoriyasini boshqargan. Piterga ota-onasining qabrini ziyorat qilishga kelgan ekan. Shuningdek, sinfdoshini ham yo‘qlagan, tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, saboqdoshining xonadonida o‘zaro nizo kelib chiqqan va halokatga sabab bo‘lgan.

Aleksandr Kaganskiy dunyo darajasidagi biolog olim edi. Onkogenez, saraton tadqiqotlari bilan shug‘ullangan, Yerning bio xilma-xilligini o‘rganish va saqlab qolish xalqaro harakatining yorqin namoyandalaridan sanalgan. Peterburg, Vladivostok, Vashington va Edinburg universitetlarida faoliyat olib borgan.

So‘nggi oylarda Edinburgda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish guruhida ishlayotgandi, deyiladi, xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring