Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsion jinoyatlarda qaysi viloyatlar yetakchi ekani aytildi

Korrupsion jinoyatlarda qaysi viloyatlar yetakchi ekani aytildi

2023-yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelganini, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ortganini ko‘rsatgan.

Bu haqda Senatning navbatdagi majlisida o‘qib eshittirilgan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi uchinchi milliy ma’ruzada aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, tijorat banklari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari hisoblanadi.

Shuningdek, ichki nazorat tuzilmalar faoliyatini tashkil etishda ayrim davlat idoralari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, ichki nazorat tizimi joriy etilgan davlat idoralarining 37 tasida tashkil etilgan 996 ta shtat birligidan 172 tasi (17,2 foiz) vakant bo‘lsa, 6 ta tashkilotning 35 nafar xodimiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan.

Shu bilan birga, 20 ta davlat tashkilotida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan, 13 tasida ichki nazorat tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmayapti.

Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Tashqi ishlar vazirligi, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida atigi 5 ta shtat birligidan iborat (vazirlik markaziy apparatida) ichki nazorat tuzilmasi tashkil etilgan.

Muhokama jarayonida Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring