Koronavirus xavf solayotgan paytda qishdan qanday omon chiqish mumkin? Ekspertlardan besh maslahat
2020-yil kovid pandemiyasi sabab sayyoramizdagi millionlab odamlar g‘am-kulfat, yo‘qchilik, ishsizlik va tushkunlik kabi muammolar domida qoldi. Ko‘pchilikka yangi yil bayrami tatimagani ham bor gap. Oldinda qahraton qish turibdi. Sovuq faslda esa koronavirus yanada tezroq tarqalishi ma’lum. Bunday vaziyatda Britaniyaning yetakchi mutaxassislari tomonidan berilgan tushkunlik va stressga qarshi quyidagi 5 maslahat-tavsiya asqotishi mumkin.
- Doimiy harakatda bo‘ling!
Qish o‘chog‘i tor, shu vajdan ko‘pchilik jismoniy mashqlar hamda sport bilan shug‘ullanishni ko‘p-da istamaydi. To‘g‘ri-da, kim ham issiq uydan sovuq havoga chiqqisi kelardi. Ammo shifokorlar va mutaxassislar ko‘cha-ko‘yda sayr qilish va harakatlanish kayfiyatni ko‘tarishning eng yaxshi usuli ekanini bir ovozdan ta’kidlaydilar. Londondagi Qirollik kolleji olimi Brendon Stabbsga ko‘ra, jismoniy mehnat va harakat inson qonida endorfinlar hamda «baxt garmonlari» ishlab chiqarishga ko‘mak beradi. Bu esa o‘z-o‘zidan iztirob va qayg‘uni ketkazadi. Tadqiqotlar jarayonida jismoniy mashqlar miya faolligini oshirib, ruhiyatni tetiklashtirishini isbotlagan. Mashqlar asnosida neyrotrofinlar guruhiga mansub oqsillar ishlab chiqarish ham faollashadi hamda miya xuddi kuchli motor kabi ishlaydi. Buning uchun bir necha chaqirim masofaga yugurish shart emas, velosipedda sayr qilish, piyoda sayr qilish, hatto bog‘da mirishkorlik bilan mashg‘ul bo‘lish ham kifoya!
- Noxushliklarni imkon qadar xayolingizdan quving!
Oksford universitetining psixologiya bo‘yicha professori Jennifer Uayldning ta’kidlashicha, muammolarni imkon qadar unutish, xayol va tafakkurni nekbin fikrlar bilan to‘yintirish hayotiy muhim ko‘nikmalar sirasiga kiradi. Inson noxushliklar, ko‘ngilsizliklar haqida o‘ylaversa, dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib ketadi, tushkunlik dengiziga g‘arq bo‘ladi. Psixologning uqtirishicha, muammoli vaziyatlarda imkon qadar mushkulotni yechish yo‘llarini qidirgan ma’qul. Albatta, muammolar xamirdan qil sug‘urgandek osonlikcha hal bo‘lmasligi mumkin. Ammo muhimi, inson chorasizlik kayfiyatini tark etib, ko‘ngligida umid chirog‘ini yoqa olishi kerak. Xavotir, hayajon insonga xos holatlar ekani sir emas. Ammo me’yordan oshib ketgan xavotir depressiyaga yetaklaydi. Professor Uayldning ta’kidlashicha, inson muammolar haqida kam o‘ylagani sari tushkunlikdan tez chiqadi va aniq amaliy harakatlar sari odim otadi.
- Oldingizga yangi-yangi maqsadlar qo‘ying!
Kardifflik neyrobiolog Din Barnettga ko‘ra, inson o‘z oldiga yangi maqsadlar qo‘ysa, hayot mushkulotlaridan chiqishi osonroq kechadi. Maqsadlar ulkan (biror xorijiy tilni o‘rganish) yoki kichikroq (biror kitobni o‘qib tugatish) bo‘lishi mumkin. Asosiy jihati shundaki, aniq maqsad sari intilayotgan odam katta-kichik muammolarni unutadi, dilxiraliklardan chalg‘iydi.
«Yangilikka intilish inson qalbida qoniqish hissini uyg‘otadi. Yangilikka qo‘l urish, yangi ko‘nikmalar orttirish o‘z-o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni ham oshiradi. Kuch-salohiyatning aniq maqsad sari yo‘naltirilishi inson taraqqiyotining muhim omili sanaladi», – deydi neyrobiolog Din Barnett.
- Ko‘proq suhbat quring!
COVID-19 pandemiyasi insoniyatni yolg‘iznishinlikka mahkum etdi. Xastalik yuqishi xavotiri sabab odamlar yaqinlari bilan ham bevosita muloqotdan tiyilishga majbur bo‘ldi. O‘zaro muloqotning susayishi esa insonlar ruhiyati va zehniyatiga juda kuchli zarba berdi.
«Yolg‘izlik insonga xos emas. Biz tabiatan jamoaviy yashashga moyilmiz. Baliq suv bilan tirik bo‘lgani kabi inson ham robita barhayotdir», – deydi Londondagi Qirollik kolleji professori Elizabet Keypers.
Suhbatda ham suhbat bor! Muloqot shunchaki arzimas maishiy masalada emas, muhim ma’rifiy-ijtimoiy mavzularda bo‘lsa, uning foydasi bir necha barobar katta bo‘ladi. Zohidona hayot inson ruhiyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Professor Keypersning tavsiyasiga ko‘ra, virus xavf solib turgan paytda muloqot uchun telefon, internet kabi texnologiyalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
- «Olma tush, og‘zimga tush» deb o‘tirmang!
Optimist, nekbin kayfiyatdagi odamlar pessimistlarga qaraganda uzoqroq umr ko‘radi deb hisoblaydi Kembrij universiteti olimi Oliviya Remes. Chunki xush kayfiyat inson immun tizimining yaxshilanishiga xizmat qiladi. Umidbaxsh jihat shundaki, pessimistik ruhiyatdagi odamlar ham o‘zida optimistik kayfiyatni uyg‘otishi va hayotini yaxshilik sari o‘zgartirishi mumkin. Buning uchun har qanday mushkul pallada ham odam o‘ziga «bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi-ku» yoki «har ish sharrda xayr bor» deya taskin-tasalli bermog‘i lozim.
Mutaxassislarning aytishicha, «olma pish, og‘zimga tush» deb o‘tirish aslo yaramaydi. Biror maqsadni amalga oshirish uchun qulay fursat kelishini kutib o‘tirish ham to‘g‘ri emas. Chunki muayyan maqsadni amalga oshirish uchun ayni lahzalar eng qulay va maqbul vaqt bo‘lishi ham mumkin.
Oliviya Remesning qayd etishicha, inson biror ishga bel bog‘lar ekan, ichki ovoz uni to‘xtatishga urinadi, qalbida ishtiboh tug‘dirishga harakat qiladi. Bunday vaziyatda Yaratganning xayr-baraka tilab ishga kirishgan ma’qul. Chunki vaqt aslo-aslo kutib turmaydi. Qo‘ldan ketgan lahzani minba’d ortga qaytarib ham bo‘lmaydi.
«Hissiyotlar yuqumlidir, shu bois badbin va kajfe’l kishilardan uzoqroq yuring. Aks holda o‘zingiz ham ana shunday kimsaga aylanasiz», – deb ogohlantiradi Kembrij universiteti vakili Oliviya Remes.
Mutaxassislarning maslahatiga ko‘ra, har kuni Xudo sizga in’om etgan ne’matlarni esga oling. Shukr hissi qalbingizga taskin bag‘ishlab qolmay, miya yarimsharlarining faol ishlashiga ham ko‘mak beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter