Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koreyada ota-onalar farzandlari ta’limiga pul tikib «poyga o‘ynashadi»

Koreyada ota-onalar farzandlari ta’limiga pul tikib «poyga o‘ynashadi»

Janubiy Koreyada yashaydigan do‘stim aytyapti, koreyalik onalar farzandlari nechta to‘garakka qatnashlari bilan maqtanib, o‘zaro «poyga o‘ynashadi». Koreya Respublikasida maktabdan tashqari ta’lim sohasi  20 mlrd. dollarlik yirik sanoat. Ya’ni, o‘quvchi boshiga ota-onalar har yili o‘rtacha 15 ming dollar sarf qilishadi. Maktab ta’limi sifatini baholaydigan PISA reytingida Koreya Respublikasi jahonda 4-o‘rinda turadi (2024-yil). Ya’ni, bu mamlakatdagi maktab ta’limi dunyoda eng yaxshilaridan. Shunday bo‘lsa ham, bu ota-onalarni farzandlari ta’limiga ko‘proq sarmoya kiritishdan to‘xtatib qo‘ya olgani yo‘q. Buni pedagoglar yaxshi ma’noda «ta’lim isitmasi»  deyishadi.

Raqobat va ishchi kuchiga talab yuqori jamiyatda yaxshi yashashning yagona yo‘li – imkon qadar ko‘proq ko‘nikmalarni egallashdir. Ayniqsa, ta’til davri buning ayni qulay fursati.

3 oylik ta’til bola hayotida hal qiluvchi palla – kelajak hisob so‘raydigan darajada katta davr. Aytaylik o‘quvchining butun maktab davrida «1000 kun» dan unumli foydalanilsa, ota-ona ham, jamiyat ham istiqbolda bir ishsizning tashvishidan xalos bo‘ladi. Yozni koptok tepib, ko‘cha changitib o‘tkazadigan bola qimmatli resursni havoga sovurayotganini o‘zi sezmaydi.

Bugungi turmush tarzi, o‘rganish muhiti va yashash uchun zarur ko‘nikmalar manzarasi boshqacha. Mehnat bozorida raqobat kuchayib, iqtisodiyot bilimga asoslangan sohalar izmiga o‘tmoqda. Bunday muhitda muammoga yechim topish, ijodiy-yaratuvchanlik, muloqot va moslashuvchanlik ko‘nikmalarini, o‘qish-yozishdan tashqari, moliyaviy va texnologik savodxonlikni egallagan yoshlar muvaffaqiyat qozonadilar.

Yozni yangi – an’anaviy darslardan farq qiluvchi interfaol mashg‘ulotlarga sarflash – kelajak uchun eng yaxshi sarmoya. Farzandingizni qo‘lidan tutib, uni o‘zingizga yaqin to‘garaklarga olib boring. Misol uchun, bugun ko‘p joylarda IT va til o‘rgatish markazlari mavjud. Kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, xorijiy til kurslari farzandingiz istiqboli uchun manfaatli bo‘ladi.

Ko‘p kuzataman, qo‘shimcha kurslar boladagi fikrlashga ijobiy ta’sir qiladi, dunyoqarashini boyitib kasbga yo‘naltiradi, qiziqishlari bir xil bo‘lgan do‘stlar orttirib, ijtimoiy-muloqot ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.

Koreya Respublikasi ta’lim tufayli bukilgan qaddini tiklagan, ta’limdan boshqa umid yo‘qligini o‘tgan asrdayoq anglab yetgan. Buning evaziga u jahonning eng katta 14-iqtisodiyoti sanaladi. Farzandlarimiz ta’limiga janubiy koreyaliklar kabi pul tikishga odatlanmas ekanmiz, ular erishgan iqtisodiy barqarorlikni orzu qilish bekor.

                                                 Shuhrat Sattorov facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring