Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyaviy islohotda raqobat: nimalar taklif qilinmoqda?

Konstitutsiyaviy islohotda raqobat: nimalar taklif qilinmoqda?

Bugungi kunda milliy iqtisodiyotimizni barqaror rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan shartlardan biri bu – sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash hisoblanadi.

Bu borada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, iqtisodiy jarayonlarni tartibga solish, moddiy ne’matlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, xususiy mulkchilik munosabatlarini qonunlar orqali mustahkamlash iqtisodiy hatti-harakatlarning oqilona vositasi hisoblanadi.

Biroq, amaliyotda raqobat zarur darajada o‘zini-o‘zi tartibga solishga qodir emas. Shuning uchun ilg‘or davlatlar tajribasi va ular bosib o‘tgan yo‘llarni tahlilidan kelib chiqib, davlatning ijtimoiy vazifalarini bajarish, qulay investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaratish, jamiyatda adolatli soliq siyosatini yuritish hamda respublikamiz hududida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini kafolatlash orqaligina raqobat sharoitini yaxshilash maqsadida mavjud iqtisodiy munosabatlarni maxsus qonunlar bilan tartibga solishni talab etmoqda. Agar davlat o‘z vaqtida raqobat muhitini ta’minlamasa, xususiy mulk egalari, tadbirkorlar tomonidan oldinga intilish, rivojlanish hamda yirik biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari cheklanadi.

Shuning uchun davlat qonun hujjatlarini takomillashtirish bilan birga biznes egalarining huquqlarini kafolatlash orqaligina raqobat muhitini ta’minlaydi. Natijada iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining o‘z manfaatlarini to‘laroq yuzaga chiqarish, yaxshi daromad topish, o‘z mavqeini mustahkamlash hamda o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun sharoit yaratiladi.

Shularni e’tiborga olib hozirgi kunda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonida raqobat muhitini ta’minlashga hissa qo‘shadigan, monopolistik harakatlarni cheklaydigan, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantiradigan, biznes muhitni ta’minlaydigan hamda xususiy mulk egalari huquqlarini har tomonlama kafolatlaydigan normalar kiritilmoqda. Jumladan, Konstitutsiyaning 67-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini kafolatlash” to‘g‘risidagi normani misol qilib keltirishimiz mumkin.

Sog‘lom raqobat – iqtisodiyot barqarorligini ta’minlaydi

Dunyo tajribasidan ma’lumki, agarda mamlakatda monopolistik faoliyat qonun bilan tartibga solinsa, sog‘lom raqobat tamoyillariga amal qilinsa, davlat tomonidan qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti ta’minlasa hamda mamlakat hududida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi qonun jihatidan kafolatlansagina jamiyat iqtisodiyoti rivojlanadi. Chunki, jahon bozorida raqobat tobora avj olib borayotgan bir sharoitda davlat va uning vakolatli organlari tomonidan erkin bozor mexanizmlarini joriy etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, bu holat o‘z navbatida mamlakat taraqqiyoti barqarorligini ta’minlash hamda fuqarolar farovonligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin bo‘ladi.

Shu sababli mamlakatimizda davlatning iqtisodiy jarayonlarni boshqarishga doir konstitutsiyaviy vazifa va funksiyalari Bosh qonunimizda aniq belgilash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida pandemiyaning salbiy oqibatlari, geosiyosiy vaziyatning taranglashuvi hamda dunyoda sodir bo‘layotgan globallashuv jarayonlarining faollashuviga qaramay makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarimiz barqaror o‘sayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Buning barchasi iqtisodiy muammolarni hal etishda tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yilganligi hamda hududlarni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor deb qarash mumkin.

Agar tahlillarga e’tibor beradigan bo‘lsak 2022 yil yakuni bo‘yicha mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi 2021 yilga nisbatan 5,7 foizga o‘sib, joriy narxlarda 888,3 trln. so‘mni (80,4 mlrd. AQSh dollari) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 426,6 trln. so‘mni (52,9 mlrd. AQSh dollari) tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan to‘rt yil ichida iqtisodiy sohada olib borilgan islohotlar, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida milliy valyutada qariyib ikki barobarga oshdi. 2022 yilda aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi joriy narxlarda 24,9 mln. so‘mni (2 254,9 AQSh dollari)  tashkil etdi yoki 2022 yilda aholi jon boshiga YaIM hajminig real o‘sishi 2021 yilga nisbatan 3,5 foizga, 2018 yilga nisbatan esa 13,4 foizni tashkil etganligini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga milliy iqtisodiyotimizda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy mulkchilik bilan bog‘liq masalalarni ijobiy hal etilishi natijasida YaIM tarkibida qurilish, sanoat tarmoqlari hamda xizmatlar sohasi ulushi yildan yilga ortib bordi.

Biroq, hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi raqobat muhitining holati, biznes yuritishdagi ayrim ma’muriy to‘siqlar, bojxona tariflarining yuqoriligi va soliq yukining notekist taqsimlanishi respublikamizdagi mavjud iqtisodiy salohiyatdan foydalanishda bor imkoniyatlarimizni ishga solishda to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun Konstitutsiyamizda mamlakatimizning barcha hududlarida tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larni erkin harakatlanishiga shart-sharoit yaratish kafolati nazarda tutilmoqda.

Konstitutsiyada O‘zbekiston hududida tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larni erkin harakatlanishiga shart-sharoit yaratish kafolati qanday iqtisodiy imkoniyatlarni  nazarda tutilmoqda.

Iqtisodiyot sohasida ilg‘or tajribaga ega davlatlar amaliyotida bir mamlakat ichida yoki o‘zaro manfaatdor davlatlar o‘rtasida savdo munosabatlarini rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar va xususiy biznes egalarini iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, bozordagi taqchillikni oldini olish, talab va taklif muvozanatini ta’minlash borasida bozorning muhim to‘rtta ob’yekti bo‘lgan tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga katta e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda ham Konstitutsiyaviy islohotlar orqali iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlarga sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Konstitutsiyaning 67-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi” – degan norma kiritildi. Bu normani amaliyotga joriy etilishi birinchidan, O‘zbekistonda barcha ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar uchun mamlakat hududi yagona iqtisodiy makon ekanligi, ikkinchidan, tovar va xizmatlarning respublikada hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi davlat tomonidan kafolatlanmoqda. Shu bilan birga mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning harakatlanishida to‘siqlar bo‘lmasligi to‘g‘risidagi majburiyatni ham davlat o‘z zimmasiga olmoqda.

Demak, kelajakda yuqorida keltirib o‘tilgan normaning amaliyotga joriy etilishi mamlakatimiz hududida moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi nafaqat hududlar bo‘ylab to‘siqsiz to‘lovlar va o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyatini, balki viloyatlar o‘rtasida ko‘chmas mulk hamda korxona aksiyalarini sotib olish, shu bilan birga mintaqalarning salohiyatidan kelib chiqib turli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga zamin yaratiladi.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlashimiz mumkinki, respublikamiz hududlarida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini davlat tomonidan kafolatlanishi birinchidan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirsa, ikkinchidan, sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash orqali biznes imkoniyatlarini yanada rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

 

Nodirbek Rasulov,
Iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring