Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflar yig‘ish boshlandi

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha fuqarolardan takliflar Meningkonstitutsiyam.uz portali, Telegram-bot va koll-markaz orqali yig‘iladi. Bu haqda bugun o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati yangiliklari va fuqarolardan taklif qabul qilish platformasi – meningkonstitutsiyam.uz portali ishga tushirilgan.
Portalda Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha taklif qoldirish uchun yagona avtorizatsiya tizimi – id.egov.uz orqali kirish zarur bo‘ladi.
Yuborilgan takliflar ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqdan o‘tgani muhokama uchun e’lon qilinadi.
Shuningdek, takliflarni Telegram orqali meningkonstitutsiyam_bot boti ko‘magida, uningdek, 1344 raqamiga telefon qilish orqali ham yuborish mumkin.
Telegram-bot va koll-markaz orqali yuborilgan takliflar portalda e’lon qilinmaydi, lekin takliflar statistikasiga qo‘shiladi.
Quyidagi takliflar inobatga olinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi:
- Konstitutsion ishchi guruhi vakolatlariga kirmaydigan;
- shaxsiy ehtiyoj yoki shikoyatdan iborat bo‘lgan;
- tuhmat yoki bo‘htondan iborat bo‘lgan;
- jamoat tartibini, aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga doir favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risidagi;
- O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish to‘g‘risidagi;
- mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vatlar;
- jamiyatning axloqiy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini poymol qiladigan;
- urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, elatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
- terrorchilik harakatlarini sodir etishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga da’vat qilish to‘g‘risidagi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter