«Konstitutsiya o‘zimizniki» – Chirchiqdagi harbiy bilim yurtida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida «Konstitutsiya o‘zimizniki» shiori ostida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha navbatdagi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa vazirligining mas’ul ofitserlari, bilim yurti vakillari, kursantlar, o‘qituvchi va professorlar, chirchiqlik faol yoshlar ishtirok etgan tadbirda dastlab iste’fodagi harbiy Abubakr Navro‘zov so‘z olib, O‘zbekiston armiyasining salohiyati haqida gapirdi.
«Yurt tinchligi degan so‘zni biz harbiylar juda yaxshi bilamiz. Tinch yurtda taraqqiyot bo‘ladi. So‘nggi yillarda qurolli kuchlarimizni rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar olib borildi. Natijada O‘zbekiston Qurolli kuchlari jahondagi 40 ta eng kuchli armiyalar qatoriga qo‘shildi. Dunyo mamlakatlarida bo‘lib o‘tayotgan musobaqalarda bizning harbiylarimiz faxrli o‘rinlarni olib qaytmoqda. Bu musobaqalarda kuchli davlatlarning kuchli armiyalari ishtirok etayotganini hisobga olsak, bu g‘alabalarimiz qadri naqadar yuqori ekanini tushunamiz. Bugun jahondagi harbiy mutaxassislar bundan hayratlanmoqda. O‘zbekiston buyuk va O‘zbekistonning Qurolli kuchlari ham buyuk va bundan keyin ham buyuk bo‘ladi», – deydi Abubakr Navro‘zov.
2000-yil Sariosiyo voqealarida dushmanga qarshi urushda vafot etgan harbiy xizmatchi Nariman Abkelyamovning xotini, kichik serjant Luiza Abkelyamova Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida O‘zbekistonda harbiy xizmatchilarga yaratilgan imkoniyat haqida so‘z yuritib, barchani referendumda faol ishtirok etishga chorladi.
Ma’lumot uchun, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muxandislik bilim yurtida oliy harbiy ofitser kadrlar tayyorlanadi. Mazkur bilim yurti Markaziy Osiyoda yagona sanaladi. Bugungi kunda ushbu bilim yurtiga polkovnik Mamajonov Shavkatbek Husanboyevich rahbarlik qilmoqda va unda 700 dan oshiq bo‘lajak ofitser kursantlar tahsil olyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter