Kongressmen xonim: «Tramp Rossiyadagi ishlarini tartibga solib qaytsin»
AQSh Kongressidagi dastlabki ikki musulmon ayoldan biri Rashida Talaib o‘ziga xos obro‘ga ega.
Talaib o‘zi tug‘ilgan Michigan shtatida dastlabki saylovlarda g‘alaba qozondi va Kongressda yana bir muddat qolish imkonini qo‘lga kiritdi. Uning g‘alabasiga barcha ham birdek ishonmagandi: Rashida Talaib parlamentdagi oldingi faoliyati davomida juda ham ko‘p iddaolarini gapira olishga muvaffaq bo‘lgandi.
Saylovdan so‘ng u kuttirib o‘tirmay istehzoli gapirib o‘tdi: «Meni eng omadsiz hisoblashgandi, mana endi ishonch bilan ayta olamanki, men qolaman. Va mening tarafdorlarim safi faqat kengayib boraveradi».
Rashida Talaibga janjallashish begona emas. Ular unga impichment e’lon qilishmoqchi bo‘lganlarida, Trampni yaxshigina haqorat qilgan. Buni Hillari Klinton o‘zining saylovoldi mitingida alohida ta’kidlagan.
Talaib nafaqat kelib chiqishi falastinlik birinchi va Kongressga saylangan ikkinchi musulmon ayol (Ilxon Umardan keyin) sifatida, balki Trampni juda yomon ko‘rishi bilan ham dunyoga mashhur bo‘ldi.
Birinchi diplom
Rashida Talaib AQShda – falastinlik immigrant oilasida 14 nafar farzandning eng to‘ng‘ichi bo‘lib dunyoga kelgan. Otasi Quddusda tug‘ilgan, ammo oila qurgach turmush o‘rtog‘i bilan okean ortiga yo‘l oladi va Detroytdagi «Ford» zavodiga ishga joylashadi.
Qizaloq sabrliligi va mehnatsevarligi bilan ajralib turar, u nimani istashini va maqsadi yo‘lida qanday kurashishni yaxshi anglar edi. Rashida maktabga borgan vaqtida ingliz tilini umuman bilmasdi. O‘rta ta’limni tamomlagach, u Ueyn universitetida o‘qib, san’at yo‘nalishida bakalavr darajasiga, keyin esa G‘arbiy Michigan universitetining huquqshunoslik doktori diplomiga ega bo‘ldi. U oilasidagi nafaqat to‘liq o‘rta, balki oliy ma’lumotga sazovor bo‘lgan ilk inson edi.
O‘qishini tamomlab Rashida darhol siyosat bilan shug‘ullanishga kirishdi va to‘liq olti yil davomida Michigan shtati Vakillar palatasi a’zosi bo‘ldi. U faoliyati mobaynida bepul tibbiy markaz qurish, yordamga muhtoj keksalar uchun ko‘chma oziq-ovqat do‘konlari dasturini amalga oshirish va o‘quvchilar uchun ta’lim dasturini moliyalashtirish ishlariga shtat g‘aznasidan millionlab dollar ajratilishini ta’minlashga erishdi.
Bezori qiz
2016-yilning avgustida Talaibning mojarolar markaziga tushib qolgani haqida umumjahon miqyosida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. O‘shanda Donald Tramp o‘zining saylovoldi kompaniyasi doirasida Detroytga kelgandi. Uning sharafiga klublarning birida tushlik tashkil etiladi. Tramp o‘z so‘zini boshlaydi, ammo Rashida tantanali tarzda uning gapini bo‘ladi.
«Bizning farzandlarimiz eng yaxshilariga loyiq!», — g‘azab bilan qichqirdi u va ortidan Amerika Qo‘shma Shtatlarining kelajakdagi prezidentiga uning ayollarga nisbatan shafqatsiz munosabatini eslatib o‘tdi.
Hech qanday bahs-tortishuv bo‘lmadi, Tramp qo‘riqchilari Talaibni darhol zaldan olib chiqib ketishdi. Ammo Rashida bu bilan tinchimadi va Tramp haqida tanqidiy maqola yozib, Detroyt aholisini unga ovoz berishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
O‘zi Kongressga saylanganidan so‘ng, u «eng katta bezori»likni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini ma’lum qildi va albatta Trampning Oq uyda oshkora islomofobik ritorikasi bilan ajralib turadigan odam ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. «Bu bizning mamlakatimizda nafrat haddan tashqari yuqoriligini his qilib turgan ayni paytimizda ro‘y berdi»,— dedi o‘z saylovchilariga Talaib.
Barchaga qarshi yolg‘iz
Kongressga birinchi saylanishida Rashida uncha qiynalmadi. Bu 2018-yili sodir bo‘ldi. Michigan shtatidagi 13-saylov okrugida respublikachilardan nomzod ko‘rsatilmadi, shu bois Talaib o‘zing besh nafar demokrat hamkasblari bilan kurashishga majbur bo‘ldi. Va u 85 foizlik natija bilan barchasini yengdi!
«Men adolatsizliklar tufayli, o‘zlarining islomiy e’tiqodi shubha ostida qolayotgan o‘g‘illarim tufayli (Talaibning ikki o‘g‘li bor) kurashishga qaror qildim. Men hech qachon bir chetda turmaganman», — dedi u mitinglardan birida.
Isroillik buvijon
Talaib aksariyat amerikalik kongressmenlardan farqli o‘laroq, ko‘plab muhim xalqaro masalalarda o‘zining nisbatan aniq pozitsiyasiga ega. Hamkasbi Ilxon Umar bilan u Amerikaning Isroilga moliyaviy yordam berishiga qarshi chiqdi, shuningdek, bu mamlakatga nisbatan boykotni va sanksiyalarni kiritishni oshkora qo‘llab-quvvatladi. Albatta, u Isroilning Iordaniya G‘arbiy sohilini bosib olishini va u yerda aholi turarjoylari qurishini qattiq qoraladi.
Isroilga qarshi qat’iy chiqishlari ortidan o‘tgan yili Isroil hukumati Talaib va Umarga mamlakatga kirishni ta’qiqladi. Faqatgina keyinroq hukumat Rashidaga uning qarindoshlari va birinchi navbatda G‘arbiy sohilda yashaydigan buvisi bilan ko‘rishishga ruxsat berishga rozi bo‘ldi. Ammo kongressvumen bir shartni ilgari surdi: tashrif chog‘ida u o‘zining siyosiy qarashlarini bayon qilishga majbur emas.
Ruxsat olgach, Talaib chiptalarni qaytarib topshirdi va shunday dedi:
«Men bu kabi zulmkor sharoitda buvimni ziyorat qilish o‘zim ishongan hamma narsaga — irqchilik, zo‘ravonlik va adolatizlikka qarshi kurashimga ziddir, degan qarorga keldim».
Rossiya Talaib e’tiboriga atigi ikki marta tushgan, xolos. Va shunda ham faqat Rossiyaning Trampni yoqtirmasligi prizmasida. Birinchi marta kongressvumen Rossiya haqida Trampning impichmenti munosabati bilan gapirib, AQSh prezidentini Rossiya bilan ehtimoliy kelishuvi sababli hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Ammo ayblov isbotlanmadi. Talaib bu bilan chekinmadi va Tramp Amerika prezidenti bo‘lishga noloqiy bo‘lgani kabi, Amerika ham Trampning e’tiboriga muhtoj emasligini ta’kidladi.
«Tramp Rossiyadagi ishlarini tartibga solganidan so‘ng, Amerikaga qaytib kelishi va buni qanday amalga oshirganini barchamizga ko‘rsatib berishi mumkin», — deya xushmuomalik bilan Trampga ruxsat berdi o‘z bayonotida.
Oq uy rahbari bunday qo‘pollikka toqat qilolmadi va o‘z Tvitterida Talaibni «1789-yilgi Bastiliyaning olinishi kuni munosabati bilan Bastiliya o‘rniga Lyudovik XVI nomidagi aeroportga hujum qilgan haqiqiy qo‘zg‘olonchilar»ga qiyosladi.
Talaib davlat rahbarining bu nozik hazilini baholadimi yoki yo‘qmi noma’lumligicha qolmoqda. Ehtimol, u Parijning asosiy aeroportiga general Sharl de Goll nomi berilganini bilmagan. Yoki shunchaki fuqaro aviatsiyasi asri ancha keyin boshlanganligini unutib qo‘ygan.
Usmonjon Yo‘ldoshev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter