Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘ngilni biroz kengroq qiling!

Ko‘ngilni biroz kengroq qiling!

Foto: Golos.io

Sezayapsizmi, keyingi paytlarda barchamiz tuppa-tuzuk tanqidchi, binoyidek tahlilchi bo‘lib qoldik. Har narsadan kir axtaramiz, ko‘zimiz ham oqni ilg‘amay, nuqul qorani ko‘rayapti. Bozordan tortib, mozorgacha muammo izlaymiz. Vaziyatga xolis yondashayotgandek bo‘lamizu, o‘z manfaatlarimizni ko‘zlaymiz. Hamma o‘zicha haq, boshqalar nohaq.  

Bundan bir yil oldin avtobusda ishga kelayotgandim. O‘sha paytlarda Muqimiy ko‘chasidagi ko‘prik foydalanishga topshirilganiga ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay, Bunyodkor ko‘chasidagi ko‘prik qurilishi ham boshlab yuborilgandi. Katta yo‘l o‘rtasidagi daraxtlar kesilgan, yo‘llar qazilgan... Xullas, manzara u qadar ko‘rimli emasdi. Katta yo‘l to‘silgani bois mashinalar kichik yo‘ldan arang harakatlanardi.

— E padaringga la’nat, — dedi kutilmaganda yo‘lovchi ayollardan biri. — Qachon qarama yo‘lni buzadi, kavlaydi. Xuddi mina tushgandek hamma yer rasvo.

Qosh qorayib, ish soati tugagach, yana avtobusga o‘tirdim. Yo‘ldagi vaziyat hamon o‘sha, Bunyodkor ko‘chasida yo‘l torligi bois mashinalar to‘planib qolgandi. Qarshimda 50 yoshlardagi er-xotin gurunglashib ketishardi.

— Onasi, qara, bu yerga ham ko‘prik tusharkan. Xitoyda bir-biriga ulanib ketgan ko‘priklarni ko‘rib havas qilgandim. Endi bizning yo‘llarimiz ham maqtasa arzigulik bo‘layapti, — dedi erkak derazadan ko‘zini uzmay.

— Mashinalar ko‘p-da, shaharda bunday ko‘priklarni ko‘paytirmasa bo‘lmaydi, yo‘qsa tirbandlik yuzaga kelaveradi, – deb erining gapini ma’qulladi ayoli.

Bu suhbatdan so‘ng tongdagi voqea yodimga tushdi. Haqiqatan ham har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Dunyo ham kengga keng, torga tor.

Nargiza Murodova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring