Mirziyoyev «katta-katta va’da bergan» hokimlarni tanqid qildi
«Qanchalik qiyin bo‘lmasin, oxirgi besh yilda qishloq xo‘jaligidan 42,5 ming gektarni qisqartirib, aholi punktlari va sanoat yerlari toifasiga o‘tkazib berdik.
Afsuski, katta-katta va’dalarni bergan ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari bu yerlardan samarali foydalana olmayapti», - dedi Prezident.
Xususan, 100 ta tumanda toifasi o‘zgargan 17,5 ming gektar yer na tadbirkorga berilgan, na auksionga chiqarilgan. Bu yerlar olinganidan buyon zaxirada yotgani tanqid qilindi.
Viloyat hokimlari yil yakuniga qadar bu yerlar auksionga chiqarilmasa, qishloq xo‘jaligi toifasiga qaytarilishi haqida ogohlantirildi.
Shuningdek, toifasi o‘zgarib, tadbirkorlarga ajratilgan 19 ming 300 gektar yerdan 5 ming 400 gektari bo‘sh turibdi. Sanoat zonalarida ham loyiha joylashtirilmagan yerlar bor. Aksincha, tayyor infratuzilmasi bo‘lgan sanoat yerlaridan boshqa maqsadda foydalanish ko‘p uchramoqda.
Toifasi o‘zgargan yerlar evaziga shu yilning oxirigacha 15 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilishi kerak edi. Biroq, 8 ming gektar yerlar haligacha o‘zlashtirilmagan.
Yil yakunigacha yangi yerlarni o‘zlashtirish va’dasini bajarmagan hokimlar jarimaga tortilishi, ularning yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflari umuman qabul qilinmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kadastr agentligiga 2024-yil 1-martga qadar barcha sanoat yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, viloyat hokimlariga esa 2021-yilgacha ajratilib, qurilish boshlanmagan 7 ming gektar yerni zaxiraga qaytarish topshirildi.
Bosh prokuraturaga bu borada qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Bundan buyon viloyat kadastr boshlig‘ini ishga qo‘yish va ishdan olish Bosh vazir tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter