Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konslager asirasi, olmaliqlik Yelizaveta Shiller: «U mash’um kunlar hamon tushlarimga kirib chiqadi»

Konslager asirasi, olmaliqlik Yelizaveta Shiller: «U mash’um kunlar hamon tushlarimga kirib chiqadi»

Suratda: Yelizaveta Shiller (o‘rtada) hamkasblari – xat tashuvchi Yelena Ribalkina hamda sex kasabaqo‘mi raisi Nozima Baratovalarga yoshlik xotiralarini so‘zlab bermoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Urush... Bor-yo‘g‘i to‘rt harfdan iborat bu sovuq so‘z zamirida dushman o‘qidan halok bo‘lgan millionlab askarlar faryodi, ularning ota-onasi va beva ayollari nolasi, yetim qolgan bolalar ohi yotadi. Mash’um Ikkinchi jahon urushida ham shunday bo‘ldi. Nemis fashistlari qo‘qqisdan bostirib kirgan sobiq Ittifoq mamlakatlarida urushga yaroqli erkaklarning bari  qo‘liga qurol olib, jangga kirdilar.

Ukrainadagi viloyatlardan birida istiqomat qilayotgan Yelizaveta Shillerning peshonasiga ham urush mashaqqatlari, asirlikning chidash og‘ir bo‘lgan qiyinchiliklari yozilgan ekan. Fashistlar u yashayotgan qishloqni avvaliga ostin-ustun qilishadi. So‘ngra kattalarni alohida,  bolalarni esa alohida qiynoqxonalarga joylashadi.

— U kunlarni biz ko‘rdik, boshqalar ko‘rmasin, — deydi «O‘zbekiston pochtasi»AJ Toshkent filiali Olmaliq tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining 5-aloqa bo‘limida 30 yildan ortiq xat tashuvchilik qilgan  urush faxriysi Yelizaveta Shiller. — O‘shanda juda yosh edim. Konslagerdagi qiyinchiliklar, fashistlarning qonxo‘rliklari, bir burda nonga zor bo‘lgan nochor kunlarimiz hamon tushlarimga kirib chiqadi. Ota-onamni esa boshqa ko‘rmadim…

Urushdan so‘ng bizni ozod etishdi. Bir necha yil Rossiya Federatsiyasi qishloqlarida yashadim. So‘ngra O‘zbekistonga keldim. Avvaliga turli ishlarda ishladim. 1975-yildan esa xat tashuvchilik qila boshladim.

Men odamlari samimiy va mehribon shunday jannatmonand yurtga kelib qolganimdan nihoyatda baxtiyorman. Bu yerda men o‘zbeklar bilan hamfikrlikda, ittifoqlikda yashadim, mehnat qildim. O‘ttiz yil davomida xalqimizga xizmat qilib, obro‘-e’tibor topdim, hurmat qozondim. 2005-yildan pensiyada bo‘lsam-da, hamon hamkasblarim bilan birgaman. Nafaqat qadrdon ishxonamdagilar, balki Olmaliq shahridagi boshqa turli tashkilotlar, nodavlat-notijorat muassasalaridan ham odamlar tez-tez kelib, holimdan xabardor bo‘lishadi. Bayram kunlari-ku, eshigimdan odam uzilmaydi. Eng muhimi, biz urush va mehnat faxriylari hukumatimiz diqqat-e’tibori, ardog‘idamiz.

Yelizaveta Mixaylovnaning gaplarida jon bor. Haqiqatan ham respublikamiz hukumati Ikkinchi jahon urushi ishtirokchi va nogironlari, front ortida mehnat qilgan faxriylar, fashizm konslageri sobiq asirlari haqida hamisha qayg‘urib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28-apreldagi 317-qaroriga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, fashizm konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq asirlari, Leningrad blokadasi paytida ishlagan fuqarolarga har oy bepul oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena vositalari berilishi haqidagi qarori  ana shu g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

Mazkur qaror Yelizaveta Mixaylovna  hamda farzand, nabiralarini behad xursand qilib yubordi. Darvoqe, Yelizaveta Shillerning uch nafar farzandi, olti nafar nabirasi bor. Ular hamma vaqt onaxon atrofida parvona, oq yuvib-oq tarashadi. Onaxon esa nafaqat ular, balki huzuriga kelayotganlarning barchasiga uzoq umr, mustahkam sog‘liq, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilaydi.

Muborak Mirkamolova, «Xabar» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring