Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kobalt» mashmashasi yoki  Ahmadboy atrofidagi yana bir firib

«Kobalt» mashmashasi yoki  Ahmadboy atrofidagi yana bir firib

Foto: «Xabar.uz»

Murodbek Ostonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yengil avtomashina sotib olish niyatida ro‘zg‘oridan tejab-tergab pul jamg‘arib yurgan kunlarda Paxtakor tumanilik bir kishining «Kobalt» rusumli avtomashinasini sotishi daragini eshitib, darrov o‘sha tomonga yo‘l oldi.

Avtomashina unga ma’qul tushdi.

Ertasi kuni u jamoada anchadan beri birga ishlab kelayotgan Olmosga bu haqda maslahat soldi. «Men xaridor bo‘layotgan «Kobalt»ni bir borib ko‘rsangiz, balki sizga ham ma’qul tushsa, olarmidim», deya iltimos qildi u.

— «Kobalt» olmoqchi bo‘lsangiz, Berdiyor tog‘amning uyida urinmagani turibdi, — javob qildi Olmos. — O‘shani birga borib ko‘rishimiz mumkin.

Ana shu suhbatdan so‘ng ular Paxtakorga emas, Jizzax shahrining «Zilol» mahallasiga — Berdiyor Mamasoliyevning hovlisiga borishdi. Oq rangli «Kobalt» Murodbekka ham ma’qul bo‘ldi.

Bu voqea 2015-yilning ayni ko‘klami — mart oyi oxirida bo‘lib o‘tgandi. Avtomashina narxi 18 ming 100 AQSh dollariga baholandi, pullar bir yil davomida — 2016-yilning 1-apreliga qadar to‘lab berilishi kelishildi.

O‘sha yil 25-mart kuni Murodbek Jizzax shahar «Toshloq» mahallasi xududidagi choyxonada kunduz soat o‘n birlarda ukasi Berdibek Ostonov va hamkasbi Olmos Madaminov guvohligida B.Mamasoliyevga 4 ming AQSh dollarini sanab bergan va avtomashinani haydab uyiga ketgan. B.Mamasoliyev esa, kelishilgan 18 ming 100 AQSh dollari uzilganidan so‘ng, avtomashinaning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga va’da bergandi.

Suhbat asnosida B.Mamasoliyev avtomashina o‘ziniki ekani, faqat Olmosning opasi Dilsora Madaminovaning nomiga olinganini aytgan.

Haqiqatan ham, avtomashinani olib ketganidan so‘ng ikki kun o‘tgach, Dilsora shaharning 1-sonli davlat notarial idorasida uch yil muddatga avtomashinani boshqarish uchun M.Ostonovning nomiga ishonchnoma rasmiylashtirib beradi. Faqat notarial idoradan chiqqanlaridan so‘ng Dilsora Murodbekka avtomashina o‘ziga tegishli emasligi, u tog‘asiniki ekanini, oldi-berdiga aralashmasligini aytadi.

Shunday qilib, M.Ostonov B.Mamasoliyevga 2015-yilning iyun oyida yana 4 ming, sentyabr oyida 2 ming, dekabr oyida 1 ming AQSh dollari, jami 11 ming dollar beradi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida, bilasizki, narx-navo o‘ynab turadi. Xuddi shunday — o‘sha paytda bozorda avtomashinalarning narxi keskin tushib, dollar kursi esa, oshib ketayotgandi.

Yana bir tomoni — keyingi paytlarda Murodbek Ostonovning ishi biroz orqaga ketgan, daromadi kamaygandi. Bu yoqda esa, avtomashina egasiga, kelishilganiga ko‘ra, yana 7 ming 100 AQSh dollari berish kerak.

Boshi qotgan Murodbek birga ishlaymiz, sharoitni tushunadi degan maqsadda Olmosga uchrashadi. Shundan so‘ng u Berdiyor Mamasoliyevning oldiga boradi. Hozir sharoiti og‘irligidan noliydi. Buning ustiga bozorda avtomashinalar narxi tushib ketganligi, o‘zi bergan 11 ming AQSh dollariga ikkita avtomashina sotib olish mumkinligini aytadi va shu bilan to‘lovni talab qilishni to‘xtatishni iltimos qiladi. Lekin tog‘a-jiyan uning iltimosi va taklifini rad etishadi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, Murodbek endi zora insofga kelib qolgandir, degan fikrda yana ularga uchrashadi. Afsuski, Murodbekning bu taklifi ham rad qilinadi. Lekin Olmos qolgan 7 ming 100 AQSh dollarini tezroq berishini so‘rab, Murodbekni hol-joniga qo‘ymaydi.

Kunlarning birida, aniqrog‘i, 2016-yilning may oyi boshlarida kutilmaganda Olmos Murodbekning uyiga kirib keladi. Bundan uy egasi avtomashinaning pulini so‘rab kelgan, nima deb javob qilsam ekan, degan xavotirda edi. Lekin uning kelishdan maqsadi boshqa ekan.

U avtomashinasi buzilib qolganini aytib, ikki-uch kunga «Kobalt»ni berib turishini so‘raydi. Murodbek yo‘q demaydi, uning qo‘liga avtomashinaning kalitini tutqazadi.

Ammo oradan bir necha kun o‘tsa-da, avtomashinadan darak bo‘lmaydi.

Bundan ajablangan Murodbek Olmosga qo‘ng‘iroq qiladi. Shunda Olmos avtomashinani sotib yuborgani, u tog‘asiga ham, o‘ziga ham tegishli emasligi, opasi Dilsoraning mulki ekanini aytadi.

Bu sovuq xabardan Murodbek o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Shundan so‘ng u Dilsoraga uchrashadi. Dilsora esa, yolg‘on to‘qiydi. Avtomashina ukasi Olmosga tegishli ekanini aytib, Olmos o‘ziga bir so‘m ham bermaganidan noliydi, hatto ko‘z yosh ham qiladi.

Haqiqatan ham, Murodbek 11 ming AQSh dollari sarflagan «Kobalt» avtomashinasi boshqa fuqaroga sotib yuborilgandi.

Endi shu holatga oydinlik kiritishdan avval avtomashina aslida kimga tegishli ekanidan muhtaram o‘quvchini voqif qilish zarur.

Gap shundaki, avtomashina Dilsora Madaminova bilan turmush o‘rtog‘i Boliqul Eshniyozovning oilaviy mulki bo‘lgan. Oila boshlig‘i B.Eshniyozovning nomiga rasmiylashtirilgan. Avval-boshda jabrlanuvchi M.Ostonovga avtomashina egasi aslida kim ekanligi aniq aytilmayotgani zamirida g‘araz niyat yashiringan.

Shu o‘rinda avtomashina aldov yo‘li bilan olib ketilganidan keyingi holatlarga to‘xtalamiz.

Yuqoridagi voqea tafsilotlaridan avtomashina uchun to‘lovning qolgan 7 ming 100 AQSh dollarini Murodbek topib berolmayotganidan xabaringiz bor. Ma’lum bo‘lishicha, Olmos opasi bilan suhbat chog‘ida odamlar Chinoz tumanilik Ahmadboyga avtomashinasini sotib, har oyda kelishuvdagi 1500-2000 ming AQSh dollarini sanab olayotganini aytgan. Murodbek kelishilgan pulni bermasa, avtomashinani Ahmadboyning ofisiga olib borib, sotib yuborish taklifini aytgan.

Taklif Dilsoraga ham ma’qul tushgan.

Shu tariqa opa-uka Guliston shahrida tanish-bilishlardan so‘rab-surishtirib, Ahmadboyning vakili Zufarga uchrashishadi. Sotilajak «Kobalt»ni Zufar o‘zicha 15 ming AQSh dollariga narxlaydi. U Olmos bilan Toshkentga, Ahmadboyning Sirg‘ali avtomashina bozoridagi ofisiga birga boradi. Ahmadboyning chaqqon gumashtalaridan biri — hozir qidiruvda bo‘lgan Shahriyorga uchrashtiradi.

Bu yog‘ini so‘rasangiz, Shahriyorning avtomashina savdosidagi chaqqonligi opa-ukani lol qoldiradi. Xuddi avvaldan xaridor bilan kelishib qo‘yilganidek, ular turgan joyga fuqaro Sa’dulla Barnoyev otasi bilan kelib, «Kobalt»ga xaridor chiqishadi. Shahriyor avtomashina o‘ziniki ekanini aytadi. Xullas, savdo 5 ming 500 AQSh dollariga «pishadi».

Shundan so‘ng Shahriyor Olmos bilan opasiga notarial idorada oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilayotganda xabarlashishlarini aytib, ularni Jizzaxga qaytarib yuboradi.

Sudda S.Barnoyev va otasi B.Barnoyevning guvoh tariqasida ko‘rsatma berishicha, Sh.Toshqulov avtomashinani ularnikiga haydab borgan. 500 AQSh dollarini olib, avtomashinaning texnik hujjatlari va kalitini o‘zi bilan olib ketgan. «Agregat» muhri urilganidan so‘ng qolgan 5 ming AQSh dollarini notarius huzurida, oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgach, sanab berishga kelishishgan.

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi. Bunday deyayotganimiz sababi shundaki, avtomashinaning qonuniy egasi B.Eshnazarov o‘sha paytda xorijga ishga ketgan edi. Opa-uka avtomashinaga oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun bir necha davlat notarial idoralariga kirishgan. Ammo mulk egasi B.Eshnazarovning yo‘qligi ana shu rasmiylashtirishga izn bermasligini eshitishgan.

Lekin Olmos bilan Dilsora qanday bo‘lmasin o‘zlarining maqsadini amalga oshirish yo‘lini qidiradi. Oxir-oqibat ular hiyla yo‘lini o‘ylab topishadi. Pul, boylik oldida xudodan ham qo‘rqmagan bu bandalar notarial idorada o‘zlarini er-xotin deya tanishtirishadi.

Sudda guvoh tariqasida so‘ralgan T.Nurmurodovning ko‘rsatma berishicha, 2016-yilning 22-iyul kuni soat o‘n bir-o‘n ikkilar atrofida u ishlaydigan notarial idoraga S.Barnoyev, B.Barnoyev, D.Madaminova va o‘zini Dilsoraning turmush o‘rtog‘i B.Eshnazarov deb tanishtirgan O.Madaminov «Kobalt» avtomashinasini rasmiylashtirish uchun murojaat qilishgan. Suhbat chog‘ida B.Eshnazarovning fuqarolik pasporti Jizzaxda, uyida qolib ketganligi aytilgan.

Shunda notarius T. Nurmurodov bu hujjatsiz ish bitmasligini aytgach, ular chiqib ketishgan. O‘sha kuni soat taxminan o‘n olti-o‘n yettilar chamasi ular yana T.Nurmurodovning huzuriga kelishadi.

Shartnoma tayyor bo‘lgach, notarius pasportdagi suratni ko‘zdan kechirib, O.Madaminovga «Bu sizga o‘xshamaydi», — deydi. Olmos esa, yoshi o‘tayotganini aytib, uni avrashga tushadi. Shunda T.Nurmurodov O.Madaminovdan «Siz haqiqatan ham Boliqul Eshnazarov, Dilsora Madaminovaning turmush o‘rtog‘imisiz?» —  deya so‘raydiyu, baloga qoladi.

Bu gapdan Dilsora tutaqib ketadi. «Men, musulmonman, birovning turmush o‘rtog‘ini olib kelmayman-ku», — deya B.Eshnazarovning harbiy guvohnomasi va nikoh guvohnomasini jahl bilan stol ustiga tashlaydi.

Shundan so‘ng T.Nurmurodov ishonadi, ularga oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirib beradi.

Oradan bir oy o‘tgach, jabrlanuvchi M.Ostonov notarial idoraga borib T.Nurmurodovga uchrashadi. Avtomashinani ishonchnoma bilan boshqarib yurgani, pullarni to‘liq bermagani uchun haligacha o‘z nomiga rasmiylashtirmaganini aytadi.

Shu payt xonaga kutilmaganda D.Madaminova kirib keladi. U shartnomani rasmiylashtirishda qatnashgan erkakni tanimasligi, turmush o‘rtog‘i emasligini ma’lum qilib, avtomashinani qaytarib olib berishni talab qiladi. Janjal oxirida u «Prokuror oldida gaplashamiz», deya dag‘dag‘a bilan chiqib ketgan.

So‘ngra T.Nurmurodov masalaga oydinlik kiritish uchun D.Madaminovaning oldiga ko‘p marta boradi. U har gal Sirdaryodan Jizzaxga kelganida Dilsora erining o‘rniga imzo qo‘ygan kishi deb boshqa-boshqa odamlarning ismlarini aytgan va uni rosa sarson qilgan.

Mazkur ishni fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudida ko‘rish chog‘ida aniq bo‘ldiki, hujjatlarga D.Madaminovaning turmush o‘rtog‘i o‘rniga ukasi O.Madaminov imzo qo‘ygan ekan. Firibgar ayolning jabrlanuvchi Murodbek Ostonovning ko‘z o‘ngida notariusga nisbatan qilgan dag‘dag‘asi «suvdan quruq chiqish» maqsadida o‘ylab topgan yana bir hiyla edi.

Hayotda har qanday qilmish jazosiz qolmaydi. Yaqinda ushbu jinoyat ishi viloyat sudi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud sudlanuvchi O.Madaminov va D.Madaminovani Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «v» bandi va 228-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sud Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan O.Madaminovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Jazoni manzil koloniyalarida o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchi D.Madaminovaga nisbatan to‘rt yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchiga nisbatan sudlanuvchilar tomonidan yetkazilgan 90 million 288 ming 440 so‘m moddiy zarar solidar tartibda undirilishi sud hukmida ko‘rsatib o‘tildi.

Yaqinda viloyat sudi apellyasiya sudlov hay’ati viloyat sudining ushbu hukmi ustidan viloyat prokurorining o‘rinbosari tomonidan bildirilgan protest hamda sudlanuvchilar va ularning himoyachisi tomonidan berilgan shikoyatga asosan jinoyat ishini apellyasiya tartibida ko‘rib chiqdi.

Jabrlanuvchi M.Ostonovga yetkazilgan 90 million 288 ming 440 so‘m moddiy zarar to‘liq qoplanganligi sababli O.Madaminovning ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, sud zalidan ozod qilindi. Har ikkala sudlanuvchiga nisbatan chiqarilgan hukm yangilangan qonun normalariga muvofiqlashtirildi.

Xulosa shuki, qonunlarimiz bor ekan, birovning mulkiga boshqa birov egalik qilolmaydi. Jinoyat olamida tanilgan kimsalar bilan sheriklikda sodir etgan qilmishi opa-ukalarning ko‘zini moshdek ochgan bo‘lsa, ajab emas.

Shuhrat Xudoyorov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Jizzax viloyat sudining sudyasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring