Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Klaster va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi

Klaster va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi

Foto: «Xabar.uz»

G‘alla yetishtirish tizimi kelgusi yildan to‘liq bozor munosabatlariga o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazilayotgan videoselektorda ma’lum qilib o‘tdi.

Avvalambor, kelgusi yildan ekinlarni joylashtirish tartibi saqlangan holda, g‘allachilik klasterlari va fermerlarga yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi.

Bunda, har bir g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi. Qolgan hosilni esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi, — dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan g‘alla yetishtirishni imtiyozli kreditlash tartibi kelgusi 3 yilda saqlab qolinadi va bunga yiliga 5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma 2,5 million tonna g‘allani birjadan bozor narxlarida davlat zaxirasi uchun sotib oladi.

Sotib olingan zaxira g‘alla donni saqlash quvvatlari mavjud g‘allachilik klasterlariga, tanlov asosida saqlash uchun joylashtiriladi.

Shuningdek, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari negizida g‘alla klasterlari tashkil etish uchun, ular ochiq savdolarga chiqariladi. Shu bilan birga davlat rahbari paxta-to‘qimachilik klasterlari ham g‘alla yetishtirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi mumkinligini ta’kidladi.

— Qaysi paxta-to‘qimachilik klasterlari yangi texnologiyalar olib kirib, g‘allachilik yo‘nalishida ham ishlash istagini bildirsa, biz bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Jamshid Qo‘chqorov, Shuhrat G‘aniyev va  Jamshid Xodjayevga ikki hafta muddatda g‘allachilik sohasida erkin bozor munosabatlarini joriy etish bo‘yicha, qaror loyihasini kiritish vazifasini yukladi.

Yana bir masala – joriy yilda davlat zaxirasiga sotib olingan g‘alla hisobiga, klasterlarning qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun, har bir kilogramm bug‘doyga 350 so‘mdan, jami 800 milliard so‘m ajratiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Jamshid Qo‘chqorov, Shuhrat G‘aniyev va Timur Ishmetovga ikki hafta muddatda klaster va fermerlar bilan xarid qilingan g‘alla bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq amalga oshirish talabini qo‘ydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring