Xitoy donli ekinlar hosildorligi bo‘yicha rekordlar o‘rnatmoqda

Xitoyda 2024-2025-yillar mavsumida makkajo‘xori, sholi va bug‘doydan jami 706,5 mln tonna hosil olish rejalashtirilgan. Bu 695,4 mln tonna hosil olingan oldingi mavsumga nisbatan 1,6 foiz ko‘pdir. Xitoy milliy statistika idorasining ushbu ma’lumotlarini Grain central nashri e’lon qildi.
Ekin maydonlari bir yilda 0,3 foizga kengayib, 119,3 mln gektarga, asosiy uch donli ekin hosildorligi o‘rtacha 1,3 foizga o‘sib, gektaridan 59,2 sentnerni tashkil etmoqda.
Makkajo‘xori mamlakatning donli ekinlari orasida eng katta maydonni band etgan. 2024-yilda 44,7 mln gektardan 294,9 mln tonna rekord darajada ko‘p hosil olindi. Hosildorlik oshishida serhosil navlarga e’tibor qaratilgani muhim ahamiyat kasb etgan.
Prognozlarga ko‘ra, Xitoyga makkajo‘xori importi 14 mln tonnagacha kamayadi. 2023-2024-yillar mavsumida Xitoy chet eldan 23,4 mln tonna makkajo‘xori donini sotib olgan.
Sholi — mamlakatning ekin maydoni kattaligi va hosil hajmi bo‘yicha ikkinchi donli ekini. Joriy mavsumda 29 mln gektardan 207,5 mln tonna hosil olish mo‘ljallangan. Bir gektardan o‘rtacha hosildorlik 71,5 sentnerni tashkil etishi kutilyapti.
FAS prognoziga ko‘ra, mamlakatda guruchga bo‘lgan ichki talab 145 mln tonnani tashkil etib, 1 mln tonna guruch eksport qilinishi mumkin.
Bug‘doy yetishtirishda Xitoy uzoq yillardan buyon jahonda yetakchi sanaladi. 2024-2025-yillar mavsumida 23,6 mln gektar maydondan 140,1 mln tonna rekord hosil olinishi rejalashtirilgan, bu o‘tgan mavsumga qaraganda 2,6 foiz ko‘p yoki 3,5 mln tonna qo‘shimcha bug‘doy olinishini anglatadi. Hosildorlik gektaridan o‘rtacha 59,4 sentnerni tashkil etadi, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish — 2,8 foiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter