Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitob o‘qimagan bola – qanotsiz qushga o‘xshaydi

Kitob o‘qimagan bola – qanotsiz qushga o‘xshaydi

Foto: Xabar.uz

Ta’lim va ilm-fanda, ma’naviyat va yuksalish tushunchasi bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. Innovatsion g‘oyalar, yangi tashabbuslar, o‘zgacha ko‘tarinkilik va shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimizda shu kunlarda «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari faol o‘tkazilmoqda.

Bunday tadbirlarda, ayniqsa adabiyot ahli – taniqli yozuvchilar, adiblar va iste’dodli san’atkorlarimizning bevosita qatnashishi, o‘z fikr-mulohazalari bilan samimiy o‘rtoqlashishi, kamtarin ulushlari bilan maktab va mahallalarga kirib borishi aholining keng qatlamlariga ilhom va unutilmas taassurot bag‘ishlamoqda.

Bugun, 16-noyabr kuni Toshkent viloyati Piskent tumani 8-umumta’lim maktabida ham ana shunday targ‘ibot tadbirlari doirasida Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist L. Rahmatov ham video-konferens aloqa shaklida muloqot tashkil etildi.

– Aslida bu kabi keng qamrovli tadbirlar ura-urachilik yoki yuzaki tarzda o‘tkazish maqsadida qilinayotgani yo‘q. Har bir kamol topayotgan yoshning qalbiga chuqur kirib borish, ularga o‘rnak va ibrat bo‘lish, yurtda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar va jadal taraqqiyot ifodasini to‘g‘ri va aniq, sodda tilda tushuntirib berishga qaratilgandir, – deydi L.Rahmatov. – Shu dargohda 1985-1996 yillarda ta’lim olgan iste’dodli qalamkash, bir necha kino-ssenariy va she’riy to‘plamlar muallifi Tohir Shomurodov edi. U garchi oramizdan yosh ketgan bo‘lsa-da, ortidan ma’naviy mulki, aytar so‘zi va tarbiyali farzandlari qoldi. Uning barcha ijod mahsulini Yozuvchilar uyushmasi Rahbariyati bilan kelishgan holda kelgusi yili tugal asar shaklida chiqarishga kelishib olganmiz.

Muallif ijod mashaqqatlari, so‘nggi yillarda ijodkorlar uchun yaratilayotgan munosib shart-sharoitlar, kitobxonlik madaniyati va uni keng targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zlab berdi. Shundan o‘z asarlari bilan birga, «Yangi kitob» nashriyotida chop etilgan ellikka yaqin turli nomdagi asarlarni maktab kutubxonasiga taqdim etdi.

– Kitob o‘qimagan bola – qanotsiz qushga o‘xshaydi. Bolaning mehr-oqibat, or-nomus, ibo-hayo va andisha kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan holda ulg‘ayishida, mustaqil va erkin fikr yuritishida badiiy asarlarning o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi, – deydi Mahmuda Abdurahimova. – Afsuski, globallashuv davrida bu dunyoda inson ruhiyatni yemiradigan, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga bo‘lgan harakatlar juda ko‘p. Shuning uchun ham har bir insonning, o‘qituvchi va o‘quvchilarning ichki olamida o‘z adabiyoti, yuksak ma’naviy qadriyatlari, milliy g‘ururi yashashi kerak. Gap bugun berilgan asarlarning oz yoki ko‘pligida ham emas, balki mamlakatimizda yaxshi bir ma’naviy to‘lqin tarqalayotganida, ta’lim tizimining ziyolilar bilan hamjihat ishlayotganidadir. Maktabimizda tahsil olgan, taqdir taqozosi sababli erta olamdan o‘tgan, o‘zidan yaxshi nom qoldirgan ijodkor Tohir Shomurodov haqidagi ibratli xotiralarni biz pedagoglar ham ta’sirlanib tingladik.

– Kitoblarni bolaligimdan juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, Vatanimiz haqida tarixiy ma’lumotlar berilganlari bo‘lsa. Men «Boburnoma» asarining lotin alifbosida chiqqan variantini anchadan qidirib yurgan edim. Kutubxonamizga keltirilgan bu asarni ko‘rdimu, darrov birinchi bo‘lib oldim. Bu yerda yangi kitoblar yana ko‘proq bo‘lsa, biz miriqib o‘qiymiz, – deydi 8-«B» sinf o‘quvchisi Lobar Abdullajonova.

– Kitob javonida ko‘paygan nazm va nasrga oid badiiy adabiyotlar va turli fanlar bo‘yicha to‘plamlar meni juda quvotirdi. Imlo lug‘atlari, grammatikaga oid qo‘llanmalar, ilmiy-ommabop asarlar o‘quvchilarimiz uchun suv va havoday zarur, – deydi kutubxonamiz mudirasi Marhabo Abdurahimova. –  Ochig‘i, yangi kitoblar biz uchun doimo kutilgan mehmon. Shu bois, muallifning Konstitutsiya qabul qilingan kun arafasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan yana ellikka yaqin yangi asarlarni taqdim etish va’dasi yana ham mamnun etdi.

Dildora Shomurotova, Geografiya fani o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring