Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kesilgan daraxtlar... Chilonzor hokimi va prokurori lavozimidan olindi, Ortiqxo‘jayev va Qosimovga qattiq hayfsan berildi

Kesilgan daraxtlar... Chilonzor hokimi va prokurori lavozimidan olindi, Ortiqxo‘jayev va Qosimovga qattiq hayfsan berildi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugun Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov boshchiligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida kuni kecha Toshkent shahrida ro‘y bergan va aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan daraxtlarning  nobud qilinishi masalasi qattiq tanqid ostiga olindi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov yozdi.

Prezident topshirig‘iga asosan Toshkent shahrining Chilonzor tumani hokimi Sh.Mavlonov va prokurori I.Bozorov lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi J.Ortiqxo‘jayevga va prokurori U.Qosimovga qattiq hayfsan berildi.

Tafsilot

Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 99 tup daraxtga (eman va chinor) vahshiylarcha zarar yetkazilgan.

Botanika bog‘i bosh mutaxassisi Atirgul Xolmurzayevaning ta’kidlashicha, bu daraxtlarni saqlab qolib bo‘lmaydi: ildiz tizimi buzilgan.

Eng achinarlisi, bunga Chilonzor ko‘chasidagi shahar prokuraturasi binosini rekonstruksiya qilish jarayoni ham sababchi ekani aytilmoqda. Daraxtlar prokuratura binosi chiroyli ko‘rinishi uchun «qurbon qilingan».

Bu ishlar boshlanganida mahalliy aholi qattiq qarshi chiqqan, hatto ekskovatorlar yo‘liga turib qaytarmoqchi bo‘lishgan, ammo foydasiz. Hududga chaqirilgan ekologiya vakillari ham, boshqa mutasaddilar ham kecha ko‘rinish bermagan. Bugun «katta»lar kelganida esa, daraxtlarga zarar yetkazib bo‘lingan.

Faollar aralashuvidan keyin bugun voqea joyiga bosh prokuror, Ekologiya qo‘mitasi raisi, Toshkent shahar hokimi va Prezident administratsiyasi vakillari yetib borishgan.

Qayd etilishicha, ko‘chadagi kamida 7 ta daraxtga shikast yetkazilgan, buning uchun quruvchi tashkilotga 261 mln so‘m jarima belgilandi. Ko‘chadagi umumiy 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi aniqlangan.

Bu daraxtlarga qo‘shimcha parvarish tayinlangan, biroq mutaxassis ularning umrini 3-4 yildan ziyodga uzaytirib bo‘lmasligini bildirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring