Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Katta yurakli inson. Istominning biz bilmagan ezgu amali haqida

Katta yurakli inson. Istominning biz bilmagan ezgu amali haqida

Foto: «Prokerala.com»

Bugun tahririyatimizga bo‘lgan telefon qo‘ng‘irog‘i umuman kutilmagan bir yangilikni bizga yetkazdiki, hamon o‘sha eshitganlarim ta’siridaman, deb yozadi jurnalist Shohira Hamro o‘zining «Facebook»dagi sahifasida.

10 yoshigacha 11 marta og‘ir operatsiyalarni boshidan o‘tkazgan bir bolakayning otasi telefon qilib, ko‘rsatuvdan («Yaxshilik» ko‘rsatuvi nazarda tutilmoqda) biror so‘m ilinjida emasligini, faqat qiyin kunlarda unga beminnat yordam bergan bir insonga ko‘rsatuv orqali minnatdorchilik bildirmoqchi ekanligini aytdi. 10 yildan beri o‘sha saxovatpesha odamning yordami bilan, yakkayu-yolg‘iz o‘g‘lini davolashibdi. Eng qimmat jarrohlik operatsiyalari, tinimsiz e’tibor va davolashlar o‘z samarasini berib, bugun u bolakay va nihoyat, oyoqqa turib, yurib ketibdi. Gapira boshlabdi.

«Bu saxovatpesha insonning kimligini ayta olasizmi?», deb so‘radik.

Bilasizmi u kim ekan? Tennischi Denis Istomin! Bu yigit katta tennis musobaqalarida mamlakatimiz sha’nini himoya qilishini, bilardim. 1986-yil Orenburgda tug‘ilib, keyinchalik taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘laganini, bir necha yillar ilgari avtomobilda halokatga uchrab, ikki yil to‘shakka mixlanib qolganini, lekin o‘zida kuch topib, yaratganning marhamati bilan yana katta sportga qaytganidan ozmi-ko‘pmi xabarim bor edi. 

Lekin ochig‘i, uning bunaqa bag‘ri keng, o‘zgalar dardiga befarq bo‘lmagan, toza yurakli inson ekanligidan bexabar edim. Ochig‘i, bundan bir necha kun ilgari uning finalda mag‘lub bo‘lgani haqidagi xabarga befarq qaraganimdan (ushbu post avgust oyi boshlarida yozilgan – «xabar.uz» izohi), g‘alabalariga befarq bo‘lganimdan xijolat bo‘ldim. To‘g‘ri, bu sportchi uchun meni unga muxlislik qilmaganimning ahamiyati yo‘qdir, lekin men uchun katta yurakli mana shunday INSONning borligi faxr! – ta’kidlaydi jurnalist.


Eslatib o‘tamiz, Indoneziyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida kecha, 25-avgust kuni tennischimiz Denis Istomin xitoylik raqibini mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi!

Bu Istominning ushbu musobaqadagi birinchi oltin medali bo‘ldi. U oldingi Osiyo o‘yinlarida ikkita kumush, bitta bronza olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring