Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Katta yigirmalik” bayonoti Ukrainani norozi qildi

“Katta yigirmalik” bayonoti Ukrainani norozi qildi

9 sentyabr kuni Hindiston mezbonligida o‘tgan G20 davlatlari sammitining yakuniy bayonoti e’lon qilindi.

34 sahifali hujjatda Ukrainadagi urushning salbiy oqibatlari ko‘rsatilgani holda, Rossiya bosqini ochiq qoralanmagan. Bu esa rasmiy Kiyev tanqidiga sabab bo‘ldi.

«Katta yigirmalik» davlatlari bayonotida Ukrainadagi urush keltirgan insoniy uqubatlar va salbiy asoratlarga e’tibor qaratilgan

Qayd etilishicha, Ukrainadagi urush sharoitida dunyo mamlakatlari BMT Nizomi tamoyillari va maqsadlariga muvofiq ravishda harakat qilishi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va siyosiy mustaqilligiga qarshi tahdid va kuch ishlatishlardan tiyilishi kerak.

Deklaratsiyada yadro qurolini qo‘llashga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ham uqtirilgan.

Ta’kidlanishicha, Ukrainadagi urush global oziq-ovqat ta’minoti, energetika xavfsizligi, mahsulotlar yetkazish tizimi, makromoliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Urush, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi va iqtisodiy bo‘hrondan keyin endigina oyoqqa turayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarga ikka karra mushkulot tug‘dirmoqda.  

G20 davlatlariga ko‘ra, Qora dengiz orqali Rossiya va Ukraina g‘allasi, oziq-ovqat mahsulotlari va mineral o‘g‘itlarning to‘sqinliksiz olib o‘tish tashabbusi to‘laqonli amalga tatbiq etilishi kerak.

«Bugungi davr urush davri bo‘lishi mumkin emas», – deb xulosa qiladi deklaratsiya mualliflari.

«Katta yigirmalik» davlatlari Ukrainaga bosqin borasida turli nuqtai nazarga ega bo‘lib qolmoqda. Bayonotda ham shu fakt tasdiqlangani holda, Rossiyaning Ukrainaga bosqini qoralanmagan.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oleg Nikolenko G20 bayonotini shu jihatdan tanqid qilib chiqqan.

«Ukraina (bayonotda urushni qoralov) kuchli shaklda ifodalanishi uchun harakat qilgan barcha hamkorlarga minnatdorlik bildiradi. Ayni choqda, Rossiyaning Ukrainaga bosqini bobida “Katta yigirmalik” guruhi maqtanishiga asos yo‘q. Aniqki, Ukraina tomonining (sammitda) ishtiroki qatnashchilarga vaziyatni yaxshiroq tushunishga ko‘mak berar edi», – deb yozdi rasmiy Kiyev vakili

O.Nikolenko o‘z postiga deklaratsiyaning tahrirlangan variantini ham ilova qilgan.

G20 mashvarati bu yil ziddiyatli tarzda o‘tdi. Sammitda Xitoy rahbari Si Szinpin ishtirok etmadi.

Xalqaro mahkama hibsga olish haqida order bergan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Hindistonga bormaslikni ma’qul topdi.

Sammitdagi muhim hodisalardan biri Afrika Ittifoqining G20’ga doimiy a’zolikka qabul qilinishi bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring