Katta sotqinlik
Yevropa demokratlari Hitlerga Chexoslovakiyani qanday sotgan edi?
Myunxenda 1938-yil 29-sentyabrda tuzilib, 30-sentyabrda imzolangan Chexoslovakiyani (Chexiya va Slovakiya 1993-yil 1-yanvargacha bitta davlat bo‘lgan — tafsilot.uz) bo‘lish haqidagi bitim «Myunxen kelishuvi» nomi bilan tarixda qolgan.
Ammo oxirgi chorak asr mobaynida tarixchilar orasida 1939-yilning avgust oyida SSSR bilan Germaniya o‘rtasida «Molotov-Ribbentrop pakti» nomi ila mashhur bo‘lgan bitim imzolangandan so‘ng Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga yo‘l ochildi degan gaplarni gapirish urf bo‘ldi.
Nemislarning g‘ururi toptalganidan foydalanib...
Boshqa bir hujjat haqida, Yevropa demokratiyasi sha’niga ketmas dog‘ bo‘lib tushgan, o‘n millionlab odamlarning umriga zomin bo‘lgan urushga yo‘l ochgan hujjat haqida juda kam gapiriladi, u bo‘lmaganda 1939-yilgi hujjat ham imzolanmasligi mumkin edi. Gap 1938-yilgi Myunxen bitimi haqida ketmoqda, u «Myunxen kelishuvi» nomi bilan mashhur.
Birinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra mag‘lub bo‘lgan Germaniyaning ahvoli nihoyatda og‘ir va haqoratomuz edi. Sobiq imperiya o‘zining barcha dengizorti koloniyalaridan mahrum bo‘libgina qolmay, Yevropadagi bir qator hududlaridan ham ajralgan, ular qo‘shni davlatlarga berilgan edi. Germaniya g‘olib davlatlarga ulkan miqdorda tovon to‘lar, bundan tashqari uning armiyasi va og‘ir qurol-aslahalariga nisbatan cheklov o‘rnatilgan edi. Unga 100 ming kishidan ortiq armiyaga, tanklar va aviatsiyaga ega bo‘lish ta’qiqlab qo‘yilgandi.
Adolf Hitler boshliq natsional-sotsialistlar aynan nemislarning g‘ururi toptalganidan foydalanib 1933 yilda hokimiyat tepasiga kelishdi.
Hitler Germaniyaning harbiy qudratini tiklamoqchi va yo‘qotilgan yerlarni qaytarmoqchi edi. Fyurerning revanshistik planlarini aholining katta qismi qo‘llab-quvvatladi, ammo bu gaplarga ishonmaydiganlar ham kam emasdi, ular bu planlarni amalga oshirish imkonsiz, chunki Angliya va Fransiya «Versal sistemasi», ya’ni Yevropada Birinchi jahon urushi yakuni bo‘yicha o‘rnatilgan tartib buzilmasligining kafilidir, Germaniya yana bosh ko‘taradigan bo‘lsa tumshug‘iga o‘xshatib tushirib qolishadi deyishar edi.
Harbiy potensialini shiddat bilan tiklab borayotgan Germaniya 1936 yilda Reyn demilitarizatsiya qilingan zonasiga qo‘shin kiritib, ochiqdan-ochiq Angliya va Fransiyaning jig‘iga tegmoqchi bo‘ldi. Bu zona Germaniyaning Fransiya bilan chegaradosh hududi bo‘lib, Versal shartnomasiga ko‘ra nemislar u yerga harbiy kuchlarini joylashtirishi ta’qiqlangan edi.
Germaniyada ko‘pchilik Hitlerning bu ishini yaqqol avantyura deb hisobladi, chunki Fransiya va Angliya Versal prinsiplarini buzgan nemislarning yana tumshug‘ini yerga ishqab qo‘yish uchun yetarli kuchga ega bo‘lib, bu galgi mag‘lubiyatdan keyin mamlakat qaytib o‘zini o‘nglab ololmasligi tayin edi.
Biroq, ko‘pchilikni ajablantirib, Angliya va Fransiya Germaniyaning bu harakatiga biron-bir munosabat bildirmadi.
Agressorni tinchitish
G‘arbiy Yevropa davlatlarining o‘zini bunday tutishi keyinchalik «agressorni tinchitish siyosati» deb ataladi, ularning bunday qilishining ikkita sababi bor edi.
Birinchisi — Angliya va Fransiya afkori ommasi yangi katta urushga tayyor emas edi. Birinchi jahon urushida ulkan talofat ko‘rgan mamlakatlar yana qon to‘kilishini xohlamadilar. Mag‘lub Germaniyadan farqli ravishda g‘oliblar hatto «Versal sistemasi» borasida ba’zi yonberishlar evaziga bo‘lsa ham yangi to‘qnashuvdan qochishni avlo deb bilishdi.
Ikkinchisi — G‘arb davlatlari tobora kuch to‘playotgan Germaniya va Italiyadan iborat fashistlar blokiga emas, Sovet ittifoqi va xalqaro kommunistik harakatga asosiy xavf sifatida qarashardi. Angliya va Fransiyaning juda ko‘p siyosatchilari kuchga to‘layotgan Germaniyadan SSSRga qarshi qurol sifatida foydalanishni ko‘zlar edi.
Fashistlarga qarshi qat’iy fikriga ega bo‘lgan sovet rahbarlari buni ko‘rmasliklari mumkin emasdi.
Germaniya bilan SSSRning ilk jiddiy to‘qnashuvi Ispaniyada 1936 – 1939-yillarda davom etgan grajdanlar urushida yuz berdi, unda Germaniya va Italiya o‘z hammaslaklari bo‘lmish Frankoni, Sovet ittifoqi esa qonuniy respublika hukumatini qo‘llab-quvvatladi.
Fransiya va Yevropadagi boshqa mamlakatlarning juda ko‘p grajdanlari internatsional brigadalar safida respublikachilar uchun kurashganiga qaramay Yevropa davlatlari ispan mojarosiga aralashmaslikni ma’qul ko‘rishdi.
Frankoning grajdanlar urushidagi g‘alabasi Yevropadagi fashist davlatlari blokini kuchaytirdi. Bundan tashqari, ispan isyonchilariga yordam bergan Germaniya harbiy qudrati qanchalik oshganini hammaga ko‘rsatib qo‘ydi.
Germaniya nimalarni ko‘zlayotgani yaqqolroq namoyon bo‘la boshladi. 1938 yilning martida Hitler Avstriyani Germaniya tarkibiga qo‘shib olib, anshlyusni amalga oshirdi. Shu paytgacha bunday maqsadlarga qarshi chiqib kelgan Angliya va Fransiya Hitlerning bu ishini qonuniy deb tan oldi. Germaniya hududi 17 foiz, aholisi esa 10 foiz ko‘paydi. Avstriyada tuzilgan oltita diviziya vermaxt tarkibiga qo‘shildi.
Ammo Hitler bu bilan to‘xtamoqchi emas edi. Endi u Chexoslovakiyaning Sudet viloyatiga ko‘z tika boshladi.
Sudet muammosi
Birinchi jahon urushidan so‘ng mustaqillikka erishgan Chexoslovakiya tarqab ketgan Avstriya-Vengriya imperiyasining bir bo‘lagi bo‘lgan. U Yevropadagi eng rivojlangan sanoatga, juda yaxshi qurollangan armiyaga va mustahkam mudofaa inshootlariga, demakki, Hitlerning tajovuzidan bemalol himoyalanish imkoniga ega edi.
Ammo hamma balo shundaki, ushbu inshootlar Sudet viloyatida — etnik nemislar g‘uj yashaydigan hududda joylashgan edi. Viloyat aholisining 90 foizi nemis bo‘lib, Hitler bu holatdan foydalanib qolishga jon-jahdi bidan harakat qilardi. Sudet nemislari orasida Germaniyaga qo‘shilish g‘oyasi tinmay tashviq qilinar, ayni paytda Germaniyaning o‘zida Chexoslovakiyadagi nemis aholisi kamsitilayotgani, xo‘rlanayotgani haqida xabar tarqatilardi.
Konrad Genleyn boshchiligidagi Sudet nemis partiyasi Chexoslovakiyadagi «beshinchi kolonna» vazifasini bajardi. 1938-yilning bahorida mazkur partiya Sudet viloyatida Germaniyaga qo‘shilish haqida referendum o‘tkazish talabi bilan chiqdi va 22 mayda, Chexoslovakiyada munitsipal saylov o‘tkaziladigan kuni fitna uyushtirishga tayyorlana boshladi.
Vermaxt Chexoslovakiya chegarasiga qarab yo‘l oldi. Chexoslovakiya qo‘shinlari ham uni chegarada kutib olish harakatiga tushdi, mamlakatda esa qisman safarbarlik e’lon qilindi.
Ayni paytda Fransiya va Sovet ittifoqi xalqaro shartnomalar bilan zimmasiga olgan majburiyatiga sodiq qolib Chexoslovakiyani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi haqida bayonot berishdi.
Vaziyat bunday tus olganini ko‘rgan Hitler vaqtincha yon berib, muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga o‘tdi. Uning asosiy vaji shu edi — «Sudetning nemis aholisi Germaniyaga intilmoqda, Germaniyadagi nemislar esa Sudetda yashovchi millatdoshlari bilan birlashishni xohlayotir. Hozirgi bo‘linish Birinchi jahon urushidan so‘ng qabul qilingan adolatsiz qarorlar tufayli yuzaga kelgan, endi bu adolatsizlikka barham berilishi kerak. Aks holda bir o‘zim nemislarning birlashishga bo‘lgan tabiiy intilishini to‘xtatib qololmayman».
Fyurerning uydirmasi ish berdi
Yaltiroq to‘n kiydirishga qanchalik harakat qilishmasin, gap baribir Germaniyaning yangi hududiy da’vosi haqida ketayotgan edi. To‘g‘ri, fyurer «bu oxirgi hududiy da’vo» degandi.
Ammo mustaqil bir davlatning «Versal sistemasi» bilan kafolatlangan suvereniteti va hududiy yaxlitligi xavf ostida qolayotgan edi. Hitlerga qat’iyan «yo‘q» deyish Angliya bilan Fransiyaning burchi edi.
Buning ustiga harbiy jihatdan Germaniya hali uncha qudratli emasdi. Potensiali bir qadar oshganiga qaramay uning Fransiya va Angliyaga tenglashishiga hali ancha qovun pishig‘i bor edi, bu ikki davlat SSSR bilan ittifoq tuzgan taqdirda Germaniyani pashshaday ezib tashlashi hech gap emasdi. Chexoslovakiyaning o‘zi ham agressorga munosib qarshilik ko‘rsata olishi mumkinligini yuqorida aytib o‘tdik.
Aftidan Hitler tag‘in yolg‘on-yashiq gaplarni qalashtirayotgan edi. Biroq uning uydirmasi bu gal ham ish berdi.
1938 yilning sentyabr oyi boshlarida Genleyn boshchiligidagi Sudet nemislari viloyatda g‘alayon ko‘taradi va Chexoslovakiya hukumati uni kuch bilan bostiradi. Bu vaqtda Angliya va Fransiya o‘zlarini g‘alati tutadi: bir tomondan ular Chexoslovakiyaning yonini olishga tayyorligini bildirishadi, ikkinchi tomondan agar Hitler tinch yo‘l bilan harakat qiladigan bo‘lsa uning talabini qondirishni va’da qilishadi.
Sudet tangligi vaqtida Polsha Germaniyaning ittifoqchisiga aylanadi, keyinchalik u Ikkinchi jahon urushining ilk qurboni o‘zi bo‘lishini bilmas edi. Polsha hukumati Germaniya Chexoslovakiyaga hujum qilgan taqdirda unga yordamga otlanuvchi sovet qo‘shinlarini o‘z hududidan o‘tkazib yuborishni rad qiladi.
Bunga Polshaning SSSRga adovatigina emas, polyak siyosatchilarining Chexoslovakiya xomtalash qilinadigan bo‘lsa uning bir bo‘lagiga ega chiqishni ko‘zlayotganligi ham sabab bo‘ladi.
1938-yilning 15-sentyabrida Bavariya Alpida Hitler Buyukbritaniya bosh vaziri Nevill Chemberlen bilan uchrashdi, unda fyurer tinchlik tarafdori ekanligini, ammo Sudet viloyati Germaniyaga o‘tmasa urush boshlashga tayyorligi bildirdi. Chemberlen nemislarning talabini haqli talab deb atadi va bu bilan sotqinlik sari birinchi qadamni qo‘ydi.
1938-yil 18-sentyabrda Londonda o‘tgan ingliz-fransuz maslahatlashuvida Chexoslovakiyaning nemislar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi hududlari Germaniyaga o‘tishi kerak degan qarorga kelindi.
Chexoslovakiya bilan ittifoqchilik burchiga sodiq qolgan yagona davlat Sovet ittifoqi bo‘ldi. 1938-yil 19-sentyabrda Chexoslovakiya prezidenti Edvard Benesh sovet tomonidan to‘qnashuv yuzaga kelgan taqdirda SSSR o‘zini qanday tutishini so‘radi, SSSR ittifoqchilik burchini bajarib Germaniyaga qarshi urushga kirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Biroq Angliya va Fransiya Sudet viloyatini Germaniyaga berishga qaror qilishdi va Chexoslovakiya rahbarlariga agar ushbu talab bajarilmasa ularni qo‘llab-quvvatlamasliklari haqida xabar berishdi.
Angliya va Fransiya sovet qo‘shinlarini o‘tkazib yuborish masalasida ham Polshaga hech qanday bosim o‘tkazishmadi.
1938-yil 21-sentyabrdan boshlab SSSRning g‘arbiy chegarasidagi qo‘shinlar jangovar harakatlarga to‘liq tayyor holga keltirildi.
Chex va slovaklarning taqdiri ularning ishtirokisiz hal qilindi
Bu vaqtda o‘z po‘pisasi ish berishini anglagan Hitler Fransiya va Angliya oldiga ultimatum qo‘ydi: 28 sentyabrga qadar Sudet Germaniya nazoratiga o‘tishi kerak, shuningdek Polsha bilan Vengriyaning hududiy da’volari qanoatlantirilishi lozim. Aks holda urush boshlanishi muqarrar.
Vaziyat naqadar jiddiyligini anglagan Chexoslovakiya hukumati 23 sentyabr kuni umumiy safarbarlik e’lon qildi. Sovet hukumati, o‘z navbatida, mabodo Polsha Chexoslovakiya hududining bir qismini bosib oladigan bo‘lsa bu hujum qilmaslik haqidagi SSSR-Polsha shartnomasining bekor qilinishini bildiradi deb bayonot berdi.
Chexoslovakiya hukumati SSSRning harbiy yordamiga suyanishi mumkin edi. Ammo bu davlat boshliqlari Angliya va Fransiyaning ta’siri ostida edi, shu bois oxirgi daqiqalargacha ularning o‘rtaga tushishini kutdi.
Lekin bekor kutdi. 27-sentyabr kuni Hitler Angliya va Fransiyaga Chexoslovakiyaga hujum ertaga boshlanishini ma’lum qilganida ular Germaniyaga qarshi harbiy choralar ko‘rish o‘rniga fyurerga hamma talablaringiz tinch yo‘l bilan qondiriladi deb va’da berishdi.
1938-yil 29-sentyabr kuni Myunxenda Hitler, Italiya rahbari Benito Mussolini, Fransiya va Angliya bosh vazirlari Eduard Daladye va Nevill Chemberlenning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda «Chexoslovatskiya masalasi» hal qilindi. Sovet ittifoqi muzokaraga taklif etilmadi. Buning ustiga, uchrashuvga hatto taqdiri hal qilinayotgan Chexoslovakiya vakillarini ham kiritishmadi.
Bitim imzolangandan keyingina Chexoslovatskiya delegatsiyasini zalga kiritishdi. Dahshatga tushgan chexoslovak diplomatlari norozilik bildirmoqchi bo‘lishdi, ammo Angliya va Fransiya vakillarining qistovi bilan hujjatni imzolashdi.
Sudet viloyati Germaniyaga o‘tdi. Tez orada Buyukbritaniya va Fransiya Germaniya bilan o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida deklaratsiya imzolashdi.
Polsha ham quruq qolmadi — Chexoslovakiyaning Teshinska viloyatini bosib oldi.
Myunxendan qaytgan Buyukbritaniya bosh vaziri Nevill Chemberlen hozirgi avlodga tinchlik olib keldim deya maqtandi. Bo‘lib o‘tgan voqealarga boshqacha ko‘z bilan qaragan ingliz hukumatining bo‘lg‘usi boshlig‘i Uinston Cherchill esa shunday dedi: «Angliyaga yo urush, yo sharmandalikni tanlash taklif qilingan edi. U sharmandalikni tanladi va albatta urushga duchor bo‘ladi».
Intiqom
Myunxen bitimining oqibati shu bo‘ldi: mustaqil bir davlatning «Versal sistemasi» bilan kafolatlangan suvereniteti oyoqosti qilindi, G‘arb davlatlari va SSSR hamkorligida tobora kuchga to‘lib borayotgan agressorni to‘xtatish imkoniyati boy berildi.
Bundan tashqari, Angliya va Fransiya siyosatchilarining Chexoslovakiyaga nisbatan sodir etgan sotqinligi Sovet ittifoqining ularga bo‘lgan ishonchini butkul yo‘qqa chiqardi.
Bu masalada Stalinning mantig‘i oddiy va tushunarlidir: inglizlar va fransuzlar o‘zlariga g‘oyaviy jihatdan yaqin bo‘lgan Chexoslovakiya oldidagi ittifoqchilik majburiyatidan bu qadar oson voz kechgan ekan, Sovet ittifoqini ular ko‘z ochib yumguncha «sotib yuborishadi».
Aynan shu paytda SSSR Yevropada xavfsizlikni ta’minlash masalasida hamma o‘zi uchun o‘zi harakat qilishi kerak ekan degan qarorga keldi. Natijada Sovet ittifoqining Ikkinchi jahon urushiga kirishini biroz ortga surgan «Molotov-Ribbentrop pakti» tuzildi.
Myunxen bitimi Chexoslovakiya mustaqilligini uzil-kesil tugatish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘ldi. Sudetdagi mudofaa inshootlaridan, sanoat potensialining kattagina qismidan mahrum bo‘lgan Chexoslovakiya Germaniyaning keyingi bosimlariga ham qarshilik ko‘rsata olmadi.
1939-yilning mart oyida Chexoslovakiya Chexiya, Slovakiya va Podkarpatska Rus (uni Vengriya bosib olgan)ga bo‘linib ketdi. Chexiyaning yangi hukumati Germaniyaga uning ustidan protektorat o‘rnatishni so‘rab murojaat qildi va Hitler bu iltimosni bajonidil qabul qildi. Germaniya o‘zining bosqinchilik siyosatini davom ettirdi va bunga bir necha yildan so‘nggina, Ikkinchi jahon urushi janggohlarida millionlab askarlarning to‘kilgan qoni evaziga barham berishga muvaffaq bo‘lindi.
Olti yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach bilib-bilmay Hitlerning sherigiga aylangan Sudet nemislari juda qattiq intiqomga duchor bo‘lishdi. 1945-yilning may oyida suverenitetini tiklagan Chexoslovakiya Sudet nemislaridan shafqatsiz o‘ch oldi. Chexoslovakiya prezidenti Edvard Benesh «respublikadagi nemis muammosini uzil-kesil hal qildi».
Beneshning dekretiga ko‘ra 1945 – 1946-yillarda uch milliondan ortiq nemis Chexoslovakiyadan quvildi. 1938-yilda reyxga qo‘shilishni quvonch bilan qarshilagan odamlarning 18 mingdan ko‘prog‘i quvg‘in paytida halok bo‘ldi.
Avstriyaga quvilgan Sudet nemislari hozirgacha yo‘qotgan mol-mulki uchun tovon puli olishdan umidvor, biroq 1945 – 1946-yillardagi quvg‘inni rasman qoralab chiqqan Chexiya hukumati bu mavzuda boshqa gapirmaslikni xush ko‘radi. Nemislar yo‘qmi — muammo ham yo‘q.
«Tafsilot.uz» saytidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter