Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin zonalari va shifoxonalardan kelajakda qanday maqsadda foydalanilishi aniqlandi

Karantin zonalari va shifoxonalardan kelajakda qanday maqsadda foydalanilishi aniqlandi

AOKA huzuridagi shtabda Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov brifing o‘tkazdi va muhim savol ohamda murojaatlar yuzasidan javob qaytardi.

— Qurilayotgan karantin zonalari va shifoxonalardan kelajakda qanday maqsadlarda foydalaniladi?
— Majmualarda yaratilgan sharoitlarni e’tiborga olib, ularning har biridan ko‘p tarmoqli shifoxona sifatida foydalansa bo‘ladi. To‘g‘ri, qisqa vaqt ichida qurilyapti, lekin jahon talabi va me’yorlari asosida, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘inga qarshi bosh boshqarmasi hamda «O‘ztibloyiha» ixtisoslashgan loyiha tashkiloti bilan birgalikda tibbiy texnologik jarayonga asoslangan loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu majmualar so‘zsiz kelajakda respublikamiz axolisi uchun beminnat xizmat qiladi.

Karantin zonalarining kelajagi haqida gapirganda aytish kerakki, ushbu majmualar karantin xolati yakunlangach, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya epidimiologik osoyishtalik agentliklari bilan kelishilgan holda samarali ishlatilishi tashkil etiladi.

— Karantin sharoitida qurilish materiallarini qanday tartibda sotib olsak bo‘ladi?
— Hozirda barcha ishlab chiqaruvchilarga internetda o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali xaridorlar bilan aloqalar o‘rnatish va mahsulotlarni maxsus dezinfeksiya qilingan avtomobillarda qurilish joyiga yetkazib berish bo‘yicha ham vazifalar yuklangan. Bu bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

— Pandemiya davrida qurilish ishlari sifatini nazorat qilish qay tarzda amalga oshiriladi?
— Sohadagi nazorat tizimi bir necha bosqichli bo‘lib, bularga texnik nazorat, mualliflik nazorati, ichki nazorat va inspeksiya nazorati kiradi. Albatta, bu ishlar Respublika maxsus komissiyasi tavsiyalariga ko‘ra masofadan turib amalga oshirilishi, bunda video kuzatuv, axborot almashuvining elektron tizimi, kunlik foto va video hisobotlardan keng foydalaniladi. Ushbu hisobotlar «vaxta» uslubida ishlaydigan pudrat tashkilotlarning ichki nazorat xodimlari tomonidan tayyorlab boriladi. Qurilish ob’yektiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish holatlarida xodimlar himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlanishi uchun tegishli tashkilotlar tomonidan choralar ko‘rilgan.

— Karantin vaqtida loyiha-smeta xujjatlarini ekspertiza qilish qanday amalga oshiriladi?
— Respublika miqiyosida maxsus guruh tuzilgan bo‘lib, loyihalarning 90 % elektron shaklda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Aslida bu tizim joriy yilning avgust oyida ishga tushishi belgilangan edi, lekin bugungi karantin davrida ishlarning uzluksiz davom etishini ta’minlash va buyurmachilarga qulaylik yaratish maqsadida vaqtliroq ishga tushirildi. Bunda, bu tizim orqali inson faktori oldini olingan, ya’ni «buyurtmachi» va ekspertiza vakili bir-birini ko‘rmaydi.

— Toshkentda yashayman. Navoiy viloyatidagi tender savdolarida qatnashmoqchiman. Hozir karantin. Qaysi tartibda yoki qanday qilib taklif paketlarini tender tashkilotchisiga yetkazsam bo‘ladi?
— Karantin vaqtida «O‘zbekiston pochtasi» AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha bo‘limlari o‘z ish faoliyatini amalga oshirmoqda. Taklif paketlarini tender tashkilotchisiga yetkazib berishda hozircha «O‘zbekiston pochtasi» AJning pochta xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin. Lekin qo‘shimcha qilib aytishimiz mumkin, bugungi kunda Qurilish vazirligi tizimidagi barcha xizmatlar raqamlashtirilmoqda, aynan loyihalar tender savdolari ham 1 iyuldan elektron ko‘rinishga o‘tkaziladi va bosqichma-bosqich boshqa xizmat turlarimiz ham onlayn tarzida amalga oshirila boshlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring