«Kapitalizmga qarshi isyon – «Kalmar o‘yini»»: filmning yutuqlari, tushunarsiz va munozarali tomonlari
Kapitalizmga qarshi isyon
Janubiy Koreyaning «Squad game» («Kalmar o‘yini») dramasi 17-sentyabrda «Neftlix» platformasiga joylashtirilgach misli ko‘rilmagan natijalarga erishdi. Biz u marralar haqida emas, kinodagi ayrim motiv va g‘oyalarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
«Kalmar o‘yini» serialining asosiy motivi teng imkoniyat yaratilgan 456 o‘yinchini o‘zaro bellashuvidir. Ijtimoiy-iqtisodiy bo‘linishlar, kambag‘allarni boylar tomonidan ekspluatatsiya qilish va oddiy ishchi sinfining umidsizligining ifodalanishidagi istehzo kinorejissyor tomonidan ongli ravishda ilgari surilganga o‘xshaydi. Bundan tashqari, rejissyor dramaga koreys siyosatidagi beqarorlik va jamiyatdagi depressiyani mohirona kirita olgan.
Serial o‘rta sinf inqiroziga bag‘ishlangan. Xvan Don Xyok Koreyaning o‘rta sinfning inqirozga kirib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga bo‘lgan qiziqishi bilan bog‘ladi. O‘yinda ishtirok etishga rozilik bildirganlarning hammasining kreditorlardan katta qarzlari bor edi.
Satira va melodramani birlashtirgan syujet orqali kapitalizmning zamonaviy jamiyatga ta’siri salbiy ekanligi anglashiladi. Sinflar bo‘linishi va kapitalistik jamiyat inqirozi zamonaviy koreys kinolari, masalan «Snovpiyerser» va «Parazitlar» uchun ham asosiy mavzu bo‘lsa-da, «Kalmar o‘yini»da nafaqat kapitalistik mafkura, balki insonlar ongidagi psixologik to‘lqinlar va illatlarni to‘la ko‘rsatib bera olgan.
Filmdagi qahramonlarning ko‘pchiligida oilaviy muammolar borligi ko‘zga tashlanadi. Buning asosiy sababi sifatida esa oilani boqishga mablag‘ yetishmasligi, oddiy odamlarning katta qarzlari bunga to‘siq ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Serial yangi liberal kapitalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik ta’sirini tanqid qilishga urinadigan filmdan unchalik farq qilmaydi.
Filmning muvaffaqiyatli chiqishi va dunyo bo‘ylab ommalashib ketishiga bir qancha sabablarni keltirish mumkin. Masalan, «Kalmar o‘yini» «Parazitlar»ga qaraganda kamroq koreys madaniyati bilan bog‘langan. Filmni keng ommalashtirish uchun barcha ishtirokchilarni jamiyatdan tashqariga trasformatsiya qilinadi va boshqa umumiy madaniy muhit yaratadi. Bu orqali filmni ko‘rilish radiusini oshirib yuboradi. Madaniy va etnik xilma-xillik, shimoliy koreyalik qiz yoki pokistonlik migrant kabi, ham filmni qiziqarliroq qilgan. Bundan tashqari, film inson psixikasiga nostalgiya bag‘ishlaydi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hamma shartlardagi o‘yinlar yoshligimizni eslatadi. Bu esa tomoshabinni o‘ziga ko‘p jihatdan tortadi. Film ovoz rejissiyorlari ham yaxshi ishlagan, ularning mahorati insonning diqqatini serial davomida saqlab turadi. Dekoratsiyalar ham mohirona sahnalashtirilgan. Och va to‘q ranglar uyg‘unligi ham filmni muvaffaqiyatlarida rol o‘ynadi.
Shunga qaramay, filmning tushunarsiz va munozarali tomonlari ham ko‘p. Keling, ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Pushti kiyimlilar
Pushti liboslardagi to‘rtburchak, uchburchak, aylana shakllari ularning mansabi ekanligini bildik, ammo bir qancha savollar ham tug‘iladi.
Birinchidan, ular nega buncha itoatkor va ular kim? Ularni qanday tanlab olishgan? Ehtimol, o‘yinga taklif qilish paytida ikkita karta tutqazganda Gi Hun osmonrang kartani tanlagan. Karta ranglari qo‘riqchilar va o‘yinchilarning kiyim rangiga o‘xshab ketadi. Ammo ular qanday tanlab olingani ochiq qolmoqda.
Nega bu o‘yin shu paytgacha fosh qilinmagan?
Ssenariyning yana bir ishonchsiz tomoni o‘yin uzoq yillardan beri borligi va uning kashf etilmagani. Syujetning bu qismi ozgina sirli. Politsiya xodimi Junhoning tekshiruvi davomida o‘yin yillar davomida davom etayotgani ma’lum bo‘ladi. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Nima uchun har yili bir guruh odamlar g‘oyib bo‘ladi va ularni hech kim izlamaydi?
«VIP»lardan biriga nima bo‘ldi?
To‘rtinchi o‘yin davomida «VIP» mehmonlardan biri ofitser Xvan Junho bilan ahloqsiz ish qilishga majburlamoqchi bo‘ladi. Ofitser vaziyatdan chiqib ketish uchun «VIP»ni behush qiladi. Ammo qolgan «VIP»lar negadir uni umuman so‘rashmaydi. Ssenariyning shu joyi ozgina tushunarsiz.
Qanday qilib o‘yin g‘olibi mezbonga aylandi?
O‘yindagi boshlovchi qanday qilib mezbonga aylanib qolgani tushunarsiz. Mezbon ham o‘yin shousining sobiq ishtirokchisi edi. Demakki, u o‘yinda g‘olib bo‘lgan, aks holda tirik qolmagan bo‘lardi. Lekin qanday qilib? Bundan tashqari, ofitser Junhoning ham oxirgi taqdiri ko‘rsatilmagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, serialning ikkinchi fasli ham suratga olinadi. Ehtimol yuqoridagi savollar serialning ikkinchi faslida o‘z javobini topar. O‘ylaymizki, rejissiyor Xvan Don Xyokning jamiyat psixologiyasi haqida aytadigan gapi hali tugamagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter