Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlar uchun hududiy o‘quv seminarlar davom etmoqda

Jurnalistlar uchun hududiy o‘quv seminarlar davom etmoqda

Kecha Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatning majlislar zalida qoraqalpog‘istonlik jurnalistlar uchun «Hududiy bosma nashrlarning holatini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar» mavzusidagi o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlik rasmiy sayti xabar berdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 44 ta gazeta, 8 ta jurnal, 5 ta telekanal va 2 ta radiokanal faoliyat yuritmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ommaviy axborot vositalari tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi kabi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ma’murjon Parpiyev. – Bu bo‘yicha ommaviy axborot vositalariga tegishli ta’sir choralari qo‘llangan. O‘quv seminaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shunga o‘xshash holatlarning oldini olish, hududiy nashrlarda marketing va menejmentni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarida kontent masalasini chuqurroq tahlil qilishdan iborat edi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti dotsentlari Nazira Toshpo‘latova va Beruniy Alimov jurnalistlar uchun mahorat darslarini o‘tib, yuqoridagi masalalar, shuningdek, jurnalist tekshiruvini olib borish bosqichlari va tamoyillari, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda jurnalistning roli va bunda kasbiy etika tamoyillari haqida milliy va xorijiy tajriba haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring