«Bilmaganlarimizni bilib oldik», — matbuot kotiblari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarning birinchi bosqichi yakunlandi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari axborot xizmatlari rahbarlari uchun maxsus o‘quv seminarining birinchi bosqichi yakunlandi.
Seminar ikki bosqichda tashkil etildi: 9-11 mart kunlari 109 nafar, 11-13 mart kunlari esa 111 nafar matbuot kotibi o‘qitilmoqda.
O‘quv-seminarning uchinchi kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi Noshirlik sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji binosida bo‘lib o‘tdi. Unda “Yagona axborot siyosatini yuritishda axborot xizmatlariga qo‘yiladigan asosiy talablar hamda matbuot kotiblari faoliyatini baholashning o‘ziga xos jihatlari”, “Axborot makoni tahlili, tanqidiy materiallar bilan ishlash hamda krizis holatlarini boshqarish”, “Axborot kampaniyalarini muvaffaqiyatli tashkil qilishda mediarejalashtirishning o‘rni” kabi yo‘nalishlarda taqdimotlar o‘tkazildi.
O‘quv-seminarlar davomida olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash, tizim va reja asosida ishlash, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan muntazam muloqotlar tashkil etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shundan so‘ng Agentlik binosida tinglovchilarga maxsus sertifikatlarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda AOKA rahbari Asadjon Xodjayev ishtirok etdi va matbuot kotiblari bilan suhbatlashdi.
— Axborot makonida to‘g‘ri faoliyat yuritish bugun har qachongidan ko‘ra murakkab va muhimdir, — dedi Asadjon Xodjayev. —Chunki zamonaviy kommunikatsiyalar vositasida axborot hajmi ortdi, axborotni uzatish tezlashdi. Bugun davlat organlari jim turadigan vaqt emas, OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarga o‘z vaqtida izoh berilmasa, turli mish-mishlar, noxolis axborotlarga yo‘l ochib beriladi. Shuning uchun ham matbuot kotiblari tezkor, bilimli va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan bo‘lishi shart. O‘quv-seminardan ko‘zlangan maqsad ham shu — matbuot kotiblarining bilim va tajribasini oshirish. Bu boradagi ishlar Agentlik tomonidan izchil davom ettiriladi.
Muloqotda bir necha matbuot kotiblari so‘zga chiqib, tashkil etilgan o‘quv-seminar uchun minnatdorlik bildirdilar.
Azizjon Abduvaliyev, Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari:
— Bugun axborot sohasi vakillari uchun seminarlar, tadbirlar ko‘p. Bu yerdan kelishimizdan oldin uch kunlik seminar biz uchun foydali bo‘larmikan deya ikkilangan edik. Biroq ko‘rdikki, o‘quv barcha matbuot kotiblari uchun birdek samarali bo‘ldi. Agentlik mutaxassislari hamda taklif etilgan trenerlar biz uchun nihoyatda foydali va qiziqarli ma’lumotlarni berishdi. Bilmaganlarimizni bildik, yaxshi bilim hamda tajribalarga ega bo‘ldik. Ushbu seminar bizning faoliyatimizda asqotishi aniq.
Seminar yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshiridi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter