Josuslikda ayblanayotgan jurnalistga 24 yil qamoq jazosi so‘raldi
Moskva shahri sudida davlatga xiyonat va josuslikda ayblanayotgan jurnalist Ivan Safronovning ishi yakuniga yetmoqda. So‘nggi majlisda prokuror Boris Loktionov sudyadan sudlanuvchiga 24 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlashni so‘ragan.
Ayblov tomoni, shuningdek, 500 ming rubl jarima hamda ikki yil ozodlikni cheklash jazosini ham talab qilgan.
Advokat Yevgeniy Smirnovning ma’lum qilishicha, mahkama jarayonida ayblov tomoni jurnalistdan aybini bo‘yniga olish evaziga 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini taklif qilgan. Sudlanuvchi bu taklifni rad etgan.
Avval xabar berganimizdek, I.Safronov 2020-yil iyul oyida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olingan.
I.Safronov mamlakatdagi taniqli jurnalistlardan biri sanaladi. U uzoq yillar «Kommersant» gazetasining maxsus muxbiri sifatida faoliyat yuritgan, ko‘p bora prezident Vladimir Putinga hamroh bo‘lib, tashrif va safarlarini yoritgan. Qamalgunga qadar esa «Roskosmos» agentligi bosh direktori Dmitriy Rogozinning maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, jurnalist Chexiya fuqarosi Martin Larish va siyosatshunos Demuri Voroninga maxfiy ma’lumotlar, jumladan, Rossiyaning Liviya, Jazoir, Serbiya va MDH davlatlari bilan harbiy-texnik hamkorligi va Suriyadagi harbiy amaliyotiga doir fayllarni bergan.
Suddagi nutqida I.Safronovning o‘zi qo‘yilgan ayblarni haqiqatdan yiroq deb atagan.
«Ayblov tomoni so‘rayotgan jazo muddati asossiz va dahshatli bo‘lib, uning oqibatlari nafaqat menga, balki mamlakat nufuziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Butun dunyo jurnalist maqola yozgani uchungina qamoqqa tashlanganiga guvoh bo‘ladi. Ayblov hukmini e’lon qilish so‘z erkinligi mavzusini uzoq vaqtga, ehtimol, umrbodga yopish demakdir. Chunki keyin na so‘z, na erkinlik bo‘ladi», – degan u.
Jurnalist mahkamani to‘xtatib, uni ozodlikka chiqarishlarini talab qilgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ushbu jinoiy ish bo‘yicha hukm 5-sentyabr kuni o‘qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari bilan videomuloqot payti I.Safronovga oid jinoiy ish bo‘yicha yanglish ma’lumot bergan va pirovardida matbuot kotibi Dmitriy Peskov chalkashlikka aniqlik kiritgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter