Jismoniy shaxslar avtomobilini notariussiz bir oygacha ijaraga berishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu haqda hukumatning tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, kelgusida yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslarga ham yengil avtomobillar va mototransport vositalarini 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga, notarial rasmiylashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab etmaydigan qisqa muddatli ijaraga berish huquqi taqdim etilishi mumkin.
Buning uchun ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasida tegishli tartiblar yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, qisqa muddatli ijaraga berishga mo‘ljallangan transport vositalari Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan talablarga muvofiq maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lishi talab qilinadi.
Shuningdek, transport vositasini qisqa muddatli ijaraga olgan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida ijaraga beruvchiga Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining «Ma’muriy amaliyot» avtomatlashtirilgan axborot tizimining ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.
Bundan tashqari shartnoma tuzilguniga qadar ijarachi butlovchi qismlarning mavjudligini tekshirish uchun transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazishni talab qilish huquqiga ega. Transport vositasida nuqson yoki nosozliklar aniqlangan taqdirda, ijarachi uni almashtirish yoki nosozliklarni bartaraf etishni talab qilishga haqli bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter