JIB Toshkent shahar sudi binosiga bomba o‘rnatilgani haqidagi xabar rad qilindi
Bugun, 22-sentyabr kuni Xabar.uz muxbirlari jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rilayotgan «Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha yakuni sud majlisida ishtirok etish uchun borganida sud binosi joylashgan hudud FVV va IIV xodimlari tomonidan o‘rab olingani, ichkariga hech kim o‘tkazilmayotganiga guvoh bo‘lishdi.
Vaziyatga guvoh odamlar, jumladan ayrim OAVlar ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida sud binosiga bomba o‘rnatilgani haqida xabar berilgani va ayni paytda uni zararsizlantirish ishlari ketayotgani haqida yoza boshladi.
Toshkent shahar IIBB mazkur vaziyatga rasmiy izoh berib, xavotirga o‘rin yo‘qligini bildirmoqda.
Rasmiy tushuntirishga ko‘ra, poytaxtdagi ayrim sud binolarida Toshkent shahar sudi, IIBB, Milliy Gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
«Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek strategik ob’yektlarda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini tekshirish maqsadida rejali ravishda amalga oshirilmoqda», – deyiladi rasmiy izohda.
Shuningdek, aholidan «xavfsizlik qoidalariga rioya etish va xavotirga berilmaslik hamda vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr» so‘ralgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter