Jazoir elchisi yetti yil davom etgan taqdirulamal urushni yodga oldi
Mustamlakachilar har qancha shafqatsiz bo‘lmasin, hurriyatsevar xalqni baribir yenga olmaydi. Bu haqda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Bumediyen Gennad 25 noyabr kuni Toshkentda tashkil etilgan anjumanda gapirdi.
Jazoir milliy bayrami – Inqilob boshlangan sananing 68 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov qatnashdi.
«1954-yilning 1-noyabri zamonaviy Jazoir tarixida muhim davrni boshlab berdi. Negaki, ushbu sana mustamlakachilikning shafqatsiz qiyofasi va yovvoyi amaliyotlariga duch kelgan Jazoir xalqining xulq-atvorini butkul o‘zgartirdi. Ko‘plab frontlarda 7 yildan ziyod davom etgan beayov kurashlardan keyin taqdirulamal hodisa ro‘y berdi: Jazoir ozod bo‘ldi va milliy suverenitetini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi», – deydi elchi Bumediyen Gennad.
Qayd etilishicha, shundan keyin mustaqil mamlakatning hurriyat ruhi bilan sug‘orilgan siyosati ishlab chiqildi. Uning zamirida mamlakat ichki ishlariga xorijiy davlatlarning aralashuviga aslo yo‘l qo‘ymaslik, ayni choqda, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillari, butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadi yotadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1830-yili Jazoirga fransuz mustamlakachilari bostirib kirgan. 1920-30-yillarda mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaygan. 1945-yilda ro‘y bergan dastlabki qo‘zg‘olon bostirilgan. 1954-yil 1 -esa milliy ozodlik fronti tashkil etilgan. Shu tariqa milliy ozodlik yo‘lida qariyb 8 yilga cho‘zilgan kurash boshlangan. 1962-yil 5- iyulda Jazoir mustaqillikka erishgan.
Diplomatga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida Jazoir jahonda inson taraqqiyoti mezonlari bo‘yicha munosib o‘ringa ko‘tarildi. Masalan, respublikada o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 1960-yillarda 47 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 76 yoshga chiqdi. Mamlakat 2005-yilda tashqi qarzlardan xalos bo‘ldi.
Jazoir siyosiy yangilanish, iqtisodiy rivojlanish va tashqi siyosatni jonlantirish choralarini ko‘rmoqda.
Elchining ta’kidlashicha, Abdulmajid Tebbun rahbarligidagi Jazoir O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni xayrixohlik bilan kuzatmoqda.
Diplomat islom tamadduni vorisi sanalgan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ishga solishga va’da berdi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 24-noyabr kuni Jazoirning yangi elchisi Bumediyen Gennad bir necha hamkasbi safida prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Ushbu uchrashuvda davlatimiz rahbari Jazoir bilan mushtarak qadriyatlar va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarga tizimli tus berish vaqti yetganini ta’kidladi. Ayniqsa, neft-gaz, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va sayyohlik sohalari sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari ekani qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter