JAR Isroilni tavbasiga tayantirmoqchi
Ertaga, 11 yanvar kuni Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoiy sudda Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi genotsid bo‘yicha da’vosi ko‘rila boshlaydi.
Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 29 dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi.
Yahudiy davlati harbiylari 1948 yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisining bir qismini qasddan qirishda ayblanmoqda.
BMT shafeligidagi mahkama, avvalo, Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini to‘xtatish haqida qaror qabul qilishi va Tel-Avivga nisbatan jazo choralari qo‘llashi mumkin. Ya’ni xalqaro sud hukmi nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy muammolar ham tug‘diradi. Shu bois Isroil ma’muriyati JARning so‘rovi asosida ochilgan va bir qator davlatlar qo‘llab-quvvatlayotgan da’vo ishidan xavotirga tushib qolgan.
AQShning Axios nashri xabariga ko‘ra, Isroil tashqi ishlar vazirligi xorijiy mamlakatlardagi elchixonalariga JAR ilgari surilgan genotsid aybloviga qarshi bayonotlar berishni buyurgan.
HAMASga qarshi urush vajidan G‘azoni butunlay vayron qilgan va tinch aholi o‘limiga sabab bo‘layotgan davlat axborot kampaniyasi orqali xalqaro sudning ayblov hukmidan qochishga urinayotgani aytilmoqda.
Amerikalik taniqli huquqshunos Frensis Boyl JAR Isroil genotsid sodir etganini tasdiqlovchi jiddiy dalillarga ega deb hisoblaydi. O‘z davrida Xalqaro jinoiy sudda aynan genotsid bo‘yicha ikki da’voda yutib chiqqan huquqshunos Isroil bu ishda yutqizishi va aybdor deb topilishini aytadi.
Huquqshunosga ko‘ra, nufuzli mahkama Isroilni aybdor deb topsa, mamlakat BMT tuzilmalaridan chetlatilishi va unga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar ham joriy etilishi mumkin. Agar Isroilning yaqin ittifoqchisi AQSh BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida odatdagidek Tel-Avivga qarshi choralarga to‘sqinlik qilsa, “Tinchlik yo‘lida birlik” rezolyusiyasiga muvofiq BMT Bosh assambleyasi tashabbusni qo‘lga olishi mumkin. 1950 yilda qabul qilingan ushbu hujjatga binoan, doimiy a’zolarning qarshi ovozi sabab Xavfsizlik kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlik borasidagi majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, Bosh assambleya tegishli choralarni ko‘rishi belgilangan.
Frensis Boyl, shuningdek, BMT Isroil bo‘yicha sobiq Yugoslaviya kabi alohida tribunal tashkil qilishini ham istisno etmagan.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Isroilni xalqaro gumanitar huquqni buzish, falastinliklarni ommaviy jazolashda ayblamoqda.
2023 yil noyabr oyida Isroil tomonidan G‘azoda genotsid jinoyati sodir etilganini tasdiqlovchi dalillarni yiqqan xalqaro advokatlar guruhi bosh vazir Binyamin Netanyahuni hibsga olish bo‘yicha so‘rov yo‘llamoqchi ekani xabar qilingandi.
AQSh prezidentligiga nomzod, yahudiy millatiga mansub Jill Stayn ham Isroil bosh vaziri G‘azoda genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etmoqda degan fikrda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter