Jan-Klod Van Damm Nurmagomedov oilasiga ta’ziya bildirdi
Amerikalik aktyor, rejissyor va ssenariynavis Jan-Klod Van Damm «Instagram»dagi sahifasi orqali Habib Nurmagomedovga otasining o‘limi sabab ta’ziya bildirdi.
Van Dammning so‘zlariga ko‘ra, u Abdulmannop Nurmagomedov bilan shaxsan tanish bo‘lmagan, lekin unga qoyil qolgan. Murojaat matnida u, shuningdek, murabbiyning haqqiga duo qilishini aytib o‘tgan.
«Birodar, men sizni hayotda hech qachon uchratmaganman, lekin hamisha qoyil qolardim! Sizning haqqingizga duo qilaman. Alloh dargohida qabul qilgan bo‘lsin. Omiyn», — deya Van Dammning so‘zlarini keltirgan «360» telekanali.
3-iyul kuni murabbiy Abdulmannop Nurmagomedovning vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Habib Nurmagomedovning otasi koronavirus asoratlari tufayli poytaxtdagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Qayg‘uli xabardan so‘ng sportchi 4-iyulga rejalashtirilgan matbuot anjumanini bekor qildi, deb yozgan «kp.ru» sayti.
Ko‘pgina siyosatchi va sportchilar Nurmagomedovlar oilasi o‘z ta’ziyalarini bildirishdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan murabbiyning o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilgan.
Murabbiy Dog‘istonda dafn etildi. Dafn marosimida qarindoshlari va yaqin do‘stlari qatnashdi. Unda Checheniston rahbari Ramzon Qodirov ham ishtirok etdi, deya ta’kidlaydi «Zvezda» telekanali.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter