Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazadi

Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazadi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahar hokimligi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirish borasidagi yangi loyihaga qo‘l urdi.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 14-iyul kuni 12:00dan 15:00ga qadar poytaxt hokimligi binosida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga mas’ul idoralar rahbarlari hamda tadbirkorlar va xorijiy investorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkaziladi. Mazkur tadbir xususiy sektor vakillarining istiqbolli loyihalarini ko‘rib chiqish va hayotga joriy etishga qaratilgan.

Yangicha yondashuvda o‘tkazilayotgan ushbu uchrashuvda tadbirkorlar va xorijiy investorlar Toshkent shahrini yanada ko‘rkam qilish, poytaxtimizda sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z loyihalari bilan ishtirok etishlari mumkin. Tadbirkorlardan loyihalarini slayd ko‘rinishida taqdim etish so‘raladi. Uchrashuv ochiq, xolis va shaffof o‘tishi kafolatlanadi.

Mazkur tadbirning muhim bir natijasi sifatida poytaxtimizda  turarjoy binolarini qurishni rejalashtirgan tadbirkorlarga loyihalari tasdiqdan o‘tgach, Toshkent shahar hokimiyati zaxiradagi hamda bo‘sh yerlarni davlat sherikchiligi asosida ajratadi. Bunda davlat sherikchiligining ahamiyati shundaki, turarjoy binolarining qurilishi tugatilgach, davlatga ularni sotishdan tushgan daromaddan foiz to‘lanmaydi, balki umumiy xonadonlarning 10-15 foizi hokimlik tasarrufiga o‘tkaziladi va ular yetim, nogiron, kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q, uy-joyga muhtoj odamlarga taqdim etiladi. Bu bilan ham shahrimiz obodonchiligiga hissa qo‘shiladi, ham ko‘ngli yarimlarning ehtiyoji qondiriladi.

Mazkur uchrashuv yakuni bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring