Jahongir Ortiqxo‘jayev aybdormi? AOKA rasmiy bayonot berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi axborot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullayev tomonidan ma’lum qilinishicha, jurnalistlarga nisbatan qilingan va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytilayotgan haqoratomuz tahdid tegishli idoralarga yuboriladi va tegishlicha o‘rganiladi.
«Oxirgi soatlarda ko‘plab yurtdoshlarimiz, jurnalist va blogerlarimiz internetda tarqalgan, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv yuzasidan izoh berishimizni so‘rab murojaat qilishmoqda.
Shuni ma’lum qilamanki, biz vaziyatdan xabardormiz va bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda. To‘plangan barcha ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Bosh prokuraturaga murojaat xati yuboriladi va ularning xulosalari asosida muayyan to‘xtamga kelinadi.
Ishonamizki, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan mazkur davlat organlari tomonidan ushbu masalaga munosib huquqiy baho beriladi.
Jurnalist va blogerlarimizdan vaziyatga huquqiy baho berilgunga qadar hissiyotlarga berilmaslik, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikni so‘raymiz.
Ta’kidlashni istar edimki, kim tomonidan ekanidan qat’i nazar, to‘rtinchi hokimiyat — jurnalistlar haqida aytilgan bunday fikrlar o‘ta yoqimsiz holat va bunga jim qarab turish mumkin emas. Bu — davlat siyosati va jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir.
Biz o‘z pozitsiyamizda qat’iymiz — yurtimizdagi barcha jurnalist va blogerlar Agentligimiz himoyasida. Ularning huquqlari buzilgani o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, albatta tegishli choralar ko‘riladi», — deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter