Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Izzattalablikmi yoki «adabiy advokatlik»? IIV matbuot kotibi Sh.G‘iyosovga

Izzattalablikmi yoki «adabiy advokatlik»? IIV matbuot kotibi Sh.G‘iyosovga

Foto: «Xabar.uz»

Kecha saytimizda «Yana Andijon! IIB xodimlari fuqaroni kishan taqib qiynoqqa solgani aytilmoqda» sarlavhali xabar berilganidan voqifsiz. Oradan sanoqli soatlar o‘tib-o‘tmay, Bosh prokuratura matbuot xizmati xabardagi holat o‘rganilayotgani haqida bayonot berdi. Bu yog‘i prokuratura tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshirish yakunini kutish qoldi, xolos.

Biroq kechga borib, Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Sh.G‘iyosovning «bayonoti» paydo bo‘ldi. «Bayonot» so‘zi bejiz qo‘shtirnoqqa olingani yo‘q. Nega desangiz, muhtaram polkovnikning ushbu chiqishi bayonotdan ko‘ra, vaziyatni xaspo‘shlash,  hamkasblariga nisbatan «adabiy advokatlik» qilish, eng yomoni, o‘rganilayotgan voqelik natijasini avvaldan bashorat qilishga o‘xshab ketadi. Ikkinchidan, axborotning birinchi manbasi va unga tayanib, xabar tarqatgan «Xabar.uz»ni tekshirilmagan ma’lumotni e’lon qilish, bu bilan «noxolis» va   «ichki ishlar organlarining sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatgan»likda ayblaydi. Kamiga, bu xatti-harakati uchun sayt xodimlari «uzr so‘rab», axborotni o‘chirishi lozimligini iddao qiladi.

Oshirvormayapsizmi, janob G‘iyosov?

Birinchidan, ommaviy axborot vositalarining birlamchi vazifasi – jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish. Bu — axborotlar faqat ijobiy bo‘lishi shart, degani emas. Agar shu voqea OAVga olib chiqilmaganda, unga e’tibor qaratilar edimi-yo‘qmi, buyam masala. Oxirgi yillarda bosdi-bosdi qilib kelingan ishlar OAV aralashgach, qayta ochilgani haqida birma-bir sanash shart bo‘lmasa kerak. OAV biror voqealik haqida xabar berdimi, marhamat, xolis tekshiring, u tasdig‘ini topsin-topmasin, shu haqda kaftdek ma’lumot bering. Bo‘ldi. Agar tarqatilgan axborotda tuhmat, inson sha’ni, qadr-qimmatini qasddan kamsitish alomatlari bo‘lsa – boshqa gap: masala qonun doirasida hal qilinaveradi. Illo, jazavaga hojat yo‘q – axborot asrining tartibi shu. Hayot kelgan joyida davom etaveradi.

Ikkinchidan, hali tekshiruv yakuniga yetmagan voqelik bo‘yicha bashoratnamo «bayonot» berish  va uzr talab qilgan holda xabarni tarmoqdan o‘chirish lozimligini iddao qilish– noprofessionallikdan boshqa narsa emas. Matbuot kotibiga yarashmagan ish bo‘pti.

Uchinchidan, bitta axborot bilan ichki ishlar organlari sha’niga dog‘ tushib qolmaydi. U yog‘ini so‘rasangiz, IIV xodimlarining o‘zi xatti-harakatlari bilan tizimga  keragidan ortiq dog‘ tushirib bo‘lgan, aslida. Qashqadaryo va Andijonda IIB xodimlari tomonidan gumondorlar urib o‘ldirilganining o‘zi tizimga tushirilgan katta dog‘! Bu dog‘ hali beri ketmasa kerak.

Yoki kuni kecha rossiyalik blogerning Toshkentning qoq markazida, karantin qoidalariga tupurgan holda ko‘rsatgan hunarini olaylik. Niqob taqmagan mahalliy fuqarolarni ma’muriy javobgarlikka tortib, bu haqda  og‘iz to‘ldirib axborot  berayotgan IIV mas’ullari, rossiyalik blogerning hurmacha qilig‘i uchun javobgarlik masalasini hal qilish u yoqda tursin, unga qo‘riqchilik qilishdan tashqari, yaxshi gapirib, izzat-ikrom ila kuzatib qo‘yishganini nima deb baholash mumkin? IIV xodimlarining bunday xatti-harakati mahalliy aholining izzat-nafsiga tegmaydimi? Ularga bo‘lgan omonat ishonch battar aks ta’sir qilmaydimi? Aynan shunday (ya’ni odamiga qarab chora ko‘rish yoki ehtirom ko‘rsatish) xatti-harakatlar ichki ishlar organlari sha’niga dog‘ tushirmaydimi aslida, muhtaram G‘iyosov?!

To‘g‘ri, jamoatchilik bosimidan Toshkent shahar IIBB «boshqacha gapirdi» (shu yerda ham ikki xil axborot berilganiga e’tibor bering).

Qisqasi, podadan avval chang chiqarish yaramaydi. Andijondagi voqeani prokuratura o‘rganyapti. O‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshirish xolis va qonuniy bo‘lishiga umidimiz ko‘proq.

Natijasini kutaylik. U yog‘iga – Yo, Razzoq!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring