Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimlar o‘qiydi? (foto)

Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimlar o‘qiydi? (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari boshlandi.

Bugun, 3 iyul kuni Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlariga start berildi. Imtihonlar 8 iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Imtihonlar 3 smenada - 08:00, 13:00 va 18:00 bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident farmon asosida mamlakatimizda 193 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi. Shundan 168 tasi 2022-2023 o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlamoqda. Mazkur maktablardan 23 tasi maktab internatlari bo‘lib, ularda yotoqxona ham mavjud. Qolgan 145 ta ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilar uyidan qatnab o‘qishlari uchun mo‘ljallangan.

Yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga 2022/2023-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 1 iyundan – 30 iyunga qadar  onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Ubbiyevga bir qator savollar bilan murojaat qildik.

– Ixtisoslashtirilgan maktablarga nechanchi sinfdan qabul qilinadi?

– 2022-2023-o‘quv yilida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktablarning:

- aniq fanlar yo‘nalishiga 5-11-sinflarga;

- tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7-11-sinflarga qabul bo‘lib o‘tadi.

– Maktablarning sig‘imi qanday bo‘ladi?

– Bu yili yangi tashkil etilayotgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar uchun avval Xalq ta’limi vazirligida bo‘lgan ayrim maktablar, shuningdek kollejlar binolari ajratilgan. Shunga ko‘ra, ularning sig‘imi o‘sha binolarning hajmiga qarab belgilanadi. Deylik, ba’zi maktablarda 5-sinf o‘quvchilari uchun oltitagacha sinflar tashkil etilsa, ayrimlarida bitta sinf bo‘ladi. Har bir sinfda 24 nafardan o‘quvchi bo‘ladi.

Yana bir jihati, ko‘pgina maktablarimiz ham aniq, ham tabiiy fanlarga yo‘naltirilgan. Ayrimlari esa faqat aniq fanlarga ixtisoslashgan bo‘ladi. Bu maktablarning binosi katta-kichikligiga ham bog‘liq bo‘ladi.

– Ixtisoslashtirilgan maktablarning qaysi sinflariga hujjatlar ko‘p topshirildi?

– Maktablarning 5-sinfi uchun talabgorlar soni ko‘p, chunki Prezident maktabiga tayyorlangan bolalar ixtisoslashtirilgan maktablarga ham ariza topshirib, imtihonlardan o‘tishmoqda.

Eng kam talabgorlar 11-sinflar uchun qayd etildi.

– Yangi tashkil etilayotgan maktablarda o‘qish qachondan boshlanadi?

– Bu maktablarning ochilishi hokimiyatlarning ta’mirlash ishlarini qachon tugatishiga bog‘liq. Ko‘pchiligi sentyabr oyidan ochiladi, lekin ba’zilarida ta’mirlash oktyabr-noyabr oylarigacha davom etishi ham mumkin. Ungacha imtihondan o‘tgan bolalar o‘zlarining avvalgi maktablarida o‘qib turishadi yoki qaysidir maktablarimizda ikki smenali o‘qish tashkil etilishi mumkin.

– Imtihon natijalari qachon e’lon qilinadi?

– Ixtisoslashtirilgan maktablarda imtihonlar 9 iyul kuni yakuniga yetadi va shundan so‘ng ikki hafta ichida natijalar e’lon qilinadi.

Qayd etish lozimki, 5-sinflarga natijalar alohida bo‘ladi. Chunki bunda Prezident maktabiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichidan o‘tib, ikkinchi bosqichidan o‘ta olmagan talabgorlar ariza yozib, ixtisoslashtirilgan maktablarga imtiyoz asosida kirishlari mumkin. Ularga 50 foizlik kvota ajratilgan. Toshkent shahri misolida oladigan bo‘lsak, Prezident maktabi imtihonlarida 480 o‘quvchi ikkinchi bosqichga o‘tadi. Shundan ikkinchi bosqichda yuqori natija ko‘rsatgan 24 nafari o‘qishga kiradi, qolgan 456 nafariga poytaxtda yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan uchta maktabga ixtiyoriy ravishda ariza topshirib, imtiyoz asosida kirish imkoniyati beriladi. Imtiyoz asosida kirishda balning yuqoriligiga qarab ustunlik beriladi.

Ma’lumot uchun: yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga hujjat topshirgan o‘quvchilarga imtiyoz Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tasdiqlangan Xalqaro, mintaqaviy va asosiy fan olimpiadalariining matematika, fizika, kimyo, biologiya, hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan viloyat bosqichida 1-2-3 o‘rinni egallagan 9-10-11 sinf o‘quvchilariga tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident maktablariga kirish imtihonlaridan ham reportaj tayyorlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring