Isroil qirg‘oqlarida 17 metrlik ulkan kit jasadi topildi (video)
O‘tgan hafta Isroil janubidagi plyajda topilgan ulkan kit jasadi yakshanba kuni hayvonning o‘lim sababini aniqlash uchun namunalar olinganidan keyin ko‘mildi. Bu haqda 7 KANAL nashri ma’lum qildi.
Hayvon jasadi Isroilning O‘rta yer dengizi sohillari mazut bilan qoplanishidan bir necha kun oldin Nitsanim plyajida topilgan.
Ashkelon yaqinidagi janubiy qirg‘oqdan shimolda Rosh-xa-Nikragacha bo‘lgan sohilning ifloslanishiga o‘tgan hafta O‘rta yer dengizi sharqida suzib o‘tayotgan kemadan sizib chiqqan yoqilg‘i sabab bo‘lgan.
Yakshanba kuni Isroil tabiat va bog‘larni boshqarish idorasi va Isroil dengiz sutemizuvchilarni qo‘llab-quvvatlash markazi rasmiylari hayvonning Nitsanim plyajida ko‘milishini kuzatib borishgan.
Ulkan hayvonni ko‘mishdan oldin uning jasadi Tabiat va bog‘lar boshqarmasining veterinariya shifokorlari tomonidan tekshirilib, o‘lim sababini aniqlash uchun organlaridan namunalar olingan.
Hayvonning joylashgan joyi belgilab qo‘yilgan. Uning qoldiqlarini qazib olish va yumshoq to‘qimalar chiriganidan keyin 2023-yilda o‘rganishga yuborish rejalashtirilgan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, kitning uzunligi 17 metr, og‘irligi 27,5 tonnani tashkil etadi.
Taxminlarga ko‘ra, kit ikki hafta oldin nobud bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter