Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil bosqinidan keyin Xon Yunusda falastinliklarning ommaviy qabri topildi

Isroil bosqinidan keyin Xon Yunusda falastinliklarning ommaviy qabri topildi

HAMAS harakati xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektori janubida joylashgan Xon Yunus shahridagi «Nosir» kasalxonasi hududidan topilgan ommaviy qabr bo‘yicha shoshilinch tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. 

Falastin harakatining eslatishicha, hozirgacha tibbiyot muassasasi kampusida isroillik harbiylar tomonidan qatl etilgan 392 kishining jasadi bo‘lgan uchta ommaviy qabr topilgan.

«Biz BMT va tegishli xalqaro tashkilotlardan bedarak yo‘qolganlarni qidirish va jasadlarni aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertlari guruhlari va zarur jihozlarni yuborishni so‘raymiz», – deyiladi xabarda.

Harakatning ta’kidlashicha, hozirgacha ommaviy qabrlarda topilgan jasadlarni yarmidan ko‘pining shaxsi aniqlanmagan.

XAMAS Isroil armiyasi tomonidan «Nosir» kasalxonasi hududida himoyasiz tinch aholi, bemorlar, yaradorlar va ayollarga nisbatan qo‘llanilgan shafqatsiz qiynoqlar va qotilliklarni tekshirish uchun mustaqil xalqaro komissiya tuzishni so‘ramoqda.

«Ba’zilar tiriklayin ko‘milganligi haqida dalillar bor», – deydi Falastin harakati va bu kabi jinoyatlarni e’tiborsiz qoldirmaslik yoki yashirishga urinishdan ogohlantiradi.

Xon Yunus fuqarolik mudofaasi boshqarmasi boshlig‘i Yamin Abu Sulaymon kecha «Nosir» kasalxonasi kampusida halok bo‘lgan yana 58 nafar falastinlikning jasadi topilganini ma’lum qildi.

«Ba’zi jasadlarda qiynoq va qatl izlari topilgan. Bizning taxminimizcha, ba’zilari tiriklayin ko‘milgan», – deydi u brifingda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil armiyasi ushbu kasalxonani bir necha hafta qamalda ushlab turgan edi. 15-fevral kuni esa shifoxonada keng ko‘lamli reyd o‘tkazildi.

24-mart kuni harbiylar yana kasalxonani qamal qildi, keyinroq yana bir qonli reyd o‘tkazib, ko‘plab tibbiyot xodimlari va ko‘chirilgan falastinliklarni hibsga oldi. Isroilning jinoiy harakatlari natijasida shifoxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

7-aprel kuniga kelib, Isroil armiyasi to‘rt oylik qamaldan so‘ng Xon Yunusni tark etdi.

O‘shandan beri shaharda birin-ketin ommaviy qabrlar topilgani haqida xabarlar kela boshladi. O‘nlab qurbonlarning jasadlari o‘qqa tutilishi natijasida vayron bo‘lgan binolar vayronalari yoki yo‘llar chetidan topilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ham G‘azo sektorida ommaviy qabrlar topilganini tasdiqladi. Xabar qilinishicha, halok bo‘lgan falastinliklar yalang‘och holda va qo‘llari bog‘langan holda topilgan va bu tashkilotda urush jinoyatlari sodir etilgani haqidagi xavotirni uyg‘otgan.

BMT boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari topilgan yuzlab jasadlar Xon Yunusdagi «Nosir» kasalxonasi va G‘azo shahridagi «Al-Shifa» kasalxonasida «yerga chuqur ko‘milgan va ustidan vayronalar bilan bostirib qo‘yilgan».

«Ular orasida keksalar va ayollar ham bor. Ularning ba’zilari qo‘llari bog‘langan va kiyimsiz holda topilgan», – deydi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari matbuot kotibi Ravina Shamdasani.

Mazkur holatga munosabat bildirib, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk, jumladan, «tinch aholi va mahbuslarni qasddan o‘ldirish urush jinoyati» ekanligini ta’kidladi va halqaro hamjamiyatni voqeani mustaqil tergov qilishga chaqirdi.

Oliy komissar idorasi, shuningdek, 22 aprel holatiga ko‘ra, G‘azoda 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgani, ulardan 14 685 nafari bolalar va 9 670 nafari ayollar ekanini xabar qildi. Yana 77 084 kishi jarohatlangan, 7 mingdan ortiq falastinliklar vayronalar ostida qolib ketgani taxmin qilinyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring