«Ish kuchi inqilobi, dasturchilar oldidagi yangi talablar» Niderlandiyadagi vatandosh hikoyasi
«Xabar.uz»da «Xorijdagi vatandoshlar» rukni doirasidagi intervyular davom etadi.
Navbatdagi suhbatdoshimiz, Amazonning Niderlandiyadagi ofisida muhandis dasturchi sifatida faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz Iskandar Anvarov bo‘ldi.
Qahramonimiz Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining bakalavr bosqichini tamomlagan.
Dasturlash oson va qiziqarli edi
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 49-umumta’lim maktabda tahsil olganman. 9-sinfni bitirib Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyida o‘qishni davom ettirdim. Bolaligim qiziqarli o‘tgan, deb bemalol ayta olaman, chunki men yashaydigan mahalla Kibernetika, Seysmologiya va Energetika institutlari yonida joylashgan edi. Do‘stlarim bilan o‘sha yerdagi o‘tgan asrda qolib ketgan eskirgan uskunalar ustida o‘yin o‘ynab yurganlarimizni yaxshi xotirlayman.
Axborot texnologiyalari sohasiga kirishimga esa dadam sababchi bo‘lganlar. Ular 7-8 sinfdan boshlab dasturlash tillari bo‘yicha videoqo‘llanmalarni o‘qittirar, qiynalgan joylarimda o‘zlari ko‘maklashardi. Akademik litsey davrida dasturlashni o‘rganishimga sharoit ancha yaxshi bo‘lgani uchun, sohaga chuqurroq kirish oson va qiziqarli o‘tgan. Shunday qilib, universitetga kelib qaysi yo‘nalishni tanlashim aniq bo‘lgan edi.
Universitetni tanlash qarori deyarli bahssiz kechgan
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini tanlash qarori deyarli bahssiz kechgan. Chunki oliygoh qoshidagi litsey bitiruvchilari WIUTga imtihonsiz va 1+3 dasturi orqali kirishgan, bunda litseyning uchinchi yili va universitetning birinchi yili qo‘shib o‘qitilgan. Shu dastur orqali litseydoshlarimning katta qismi universitetga birga o‘tgan. Mazkur oliy ta’lim dargohining ingliz tilida dars o‘tishi, mustaqil izlanishga urg‘u berishi va bilimga chanqoq talabalar bilan boy bo‘lganligi, universitetning jozibador tomonlaridan. Qo‘shimchasiga deyarli barcha ustozlar chet elda magistratura yoki doktorantura bosqichlarini tamomlashgan bo‘lib, chet elda tajriba orttirishga chorlashar va tavsiya xatlaridan tortib, nufuzli o‘quv yurtlari imkoniyatlari haqida turli maslahatlar berishgan.
Shunday qilib, universitetning “Business Information Systems” fakultetida ta’lim oldim.
Talabalik davrimda amaliyotni “Nihol-Komtex” kompaniyasida o‘tadim. Universitetni bitirgach esa bir muddat WIUTning o‘zida ilmiy yordamchi, so‘ngra “Synel Software Development” va “EPAM Systems” kompaniyalarida ishladim.
“Amazon”da ishlashga qaror qildim
2021 yil yoz oylarida FAANG (“Facebook”, “Amazon”, “Apple”, “Netflix”, “Google”)ga qiziqish uyg‘ondi. Ushbu kompaniyalardagi ish jarayoni bilan tanishish chog‘ida ishga kirish haqida o‘ylay boshladim.
2022 yil mart oyiga kelib bir nechta FAANG va boshqa kompaniyalarga hujjat topshirdim. Ularning intervyularidan o‘tishimga taxminan ikki oy vaqt ketdi.
Suhbatdan dunyoning istalgan chekkasidan turib o‘tsa bo‘ladi. Masalan, men barcha jarayonlarni O‘zbekistonda turib amalga oshirganman.
“Facebook”, “Deliveroo”, “Google” kompaniyalaridan rad javobi olgan bo‘lsam, “Amazon”, “Booking.com”, “Uber” kompaniyalari meni qabul qilishdi. Men esa “Amazon”da ishlashga qaror qildim.
Kompaniya Yevropaning ko‘plab davlatlarida ofislariga ega. Ishga qabul qilingach, istalgan davlat va jamoani tanlash imkoni beriladi. Men Niderlandiyani tanladim.
Niderlandiyani tanlashimga bir nechta sabab bo‘lgan. Birinchidan, bu yerda ko‘p yaqin do‘stlarim yashar va bu esa, o‘z navbatida, begona mamlakatga moslashishim osonroq kechishiga yordam berardi.
Ikkinchidan, Niderlandiyada ingliz tili keng tarqalgan, faqatgina ingliz tilini bilib ham bemalol yashash mumkin.
Yana eng muhim sabablardan biri bu chet elliklarga berilgan katta imkoniyatlardir. Masalan, sohangiz davlat rivoji uchun muhim deb topilsa va oyligingiz o‘rtachadan yuqori bo‘lsa, 30 foizlik daromad solig‘idan ozod etilasiz.
Bularga IT-yo‘nalishi ham kiradi. Kerakli hujjatlar topshirilgach, hukumat komissiyasi ularni tekshirib, ikki oy ichida natijasi haqida ma’lumot beradi.
Niderlandiyaga viza olish uchun o‘zbekistonliklar qirollikning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi – O‘zbekistondagi elchixona viza berish ishlari bilan shug‘ullanmaydi.
Agar ish beruvchi sizni o‘zi chaqirib olsa, viza jarayonlarining katta qismini o‘zi bajaradi. Menda ham shunday bo‘lgan.
Lekin oxirgi yillar sodir bo‘layotgan hodisalar tufayli jarayonlar ancha cho‘zilib ketdi. Shu sabab ishga qabul qilingan kunimdan chiqqunimga qadar deyarli 3 oy o‘tdi.
Chet elga ko‘chib kelishdan avval uy ijarasi, soliq va tibbiy sug‘urta kabi masalalarni yaxshilab o‘rganish juda muhim. Katta shaharlarda imkoniyatlar ko‘p bo‘lgani uchun ijaraga uy olish murakkab va vaqt oladigan jarayon.
Vaqt qadrini va dunyo kengligini chuqurroq angladim
O‘zga yurtdagi hayot dunyoqarashni albatta kengaytiradi. Niderlandiyadagi hayotni ko‘rib, vaqt qadrini va dunyo kengligini chuqurroq angladim. Ko‘p millatli davlat bo‘lgani uchun, yer sharinining deyarli barcha chekkalaridan kelgan insonlar bilan ko‘rishish mumkin. Ularning dini, madiniyati va urf-odatlari har xil bo‘lishiga qaramasdan, ochiq va ko‘ngli hamnafasligi umuminsoniy qadriyatlarni namoyon etadi. Bundan tashqari, inson oilaviy tashvishlar bilan cheklanib qolmasligi va imkoni cheklanganlarga qo‘ldan kelgancha yordam berish kerakligini tushundim.
Muammoning egizidan boshlayman
Haqiqatda, dasturlash qiziq va shu bilan birga murakkab soha. Faoliyat davomida muvaffaqiyasizliklar ro‘y berib turadi. Biroq, ana shu muvaffaqiyatsizliklar o‘rganishning eng samarali yo‘li, boisi dastur ishlamaslik sababini tushunib, nega ishlashi kerakligini anglasa bo‘ladi (kuladi). Muvaffaqiyatsizlik paytlarida, muammoning egizidan boshlayman. Ya’ni, muammoga izoh berish, undan yechimdan nima kutayotganligim javobini topsam, javob qidirish yengillashadi. Eng katta mag‘lubiyatim O‘zbekistondagi Exadel kompaniyasiga ishga topshirganim desa bo‘ladi. Intervyularga 4 yildan beri kirishmaganligim va oldindan tayyorlanmaganligim sabab, sharmandali darajada yiqilganman. Ko‘z ochadigan tajriba bo‘lgani uchun, dasturlashning bazaviy tushunchalaridan boshlab qaytib o‘qib chiqqanman. Hosili esa keyinroq EPAM va Amazonga kirganim, deya olaman.
Yana bir ish kuchi inqilobiga sabab bo‘lishi mumkin
Darhaqiqat, OpenAI, ya’ni sun’iy intellekt bugungi kunda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Fikrimcha, sun’iy intellekt tarixdagi yana bir ish kuchi inqilobiga sabab bo‘lishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi va sanoat inqiloblari kabi sodda va takroriy ishlarni avtomatizatsiya qilish yana bir bor qayta ko‘rib chiqiladi. Misol qilib olsak, taksi haydovchilar o‘rnini hozirgi avtopilot bosa oladi. Avtopilot tannarxi, qonunchilik va mas’uliyat chegaralari, bu vaqt masalasi ekanligini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, HR, buxgalter va yuristlarning bazaviy ishlari hamda qog‘ozbozliklar tizimlashishini sun’iy intellekt o‘z zimasiga oladi. Shu bilan birga, har qanday ish kuchi inqilobidan keyin inson ish unumdorligi karrasiga o‘sishi va yangi kreativ ish o‘rinlari paydo bo‘lishiga ishonaman.
Muvaffaqiyatga erishish oson bo‘lmaydi
Ochig‘i dasturlash sohasini aksariyat yoshlar daromadi yuqori bo‘lgani uchun tanlashayotganligini “normal” deb bilaman. Daromad sabab kasb tanlash bu kelajakni o‘ylab qadam tashlashdir. Lekin qiziqishsiz, albatta muvaffaqiyatga erishish oson bo‘lmaydi, universitetdagi yarim kursdoshlarim ITda emas, ular ITga yaqin sohalardan ish topa olgan. Bu bilan qiziqishsiz ITga kirganlar, o‘z imkoniyatlarini boshqa qiziqarli bo‘lishi mumkin sohalardan cheklab qo‘yishadi. Dasturlashda chuqur bilimga ega bo‘lmasdan yuqori daromadga chiqish ham qiyin.
Qolaversa, hozirgi kunda axborot texnologiyalari tez o‘sayotganligi sabab soha murakkablashib, dasturchilar oldiga ham yangi talablar qo‘yilmoqda. Misol uchun, men kareramni endi boshlaganimda, 3-4 ta texnologiyalarni bilish yetarli edi, hozirgi kunda esa, “cloud-computing” va “distributed system”lar kabi yangi texnologiyalar ham qo‘shilgan. Lekin shu bilan birga, ish o‘rinlar kengayotganligi va vazifalarga qarab bo‘linayotganligi quvonarli. Bu bilan dasturchi o‘z yo‘nalishida ish topishi va konsentratsiya qila olishi osonroq bo‘ladi. IT kompaniyalar bugungi kunda barcha sohalarga kirib kelayotganligi, raqamlashtirish ishlari bardavom ekanligiga namuna bo‘ladi.
Yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda
O‘zbekiston bozorida shiddat bilan kengayotgan internet qoplami, IT-kompaniyalarning turli soliqlardan ozod bo‘lishini e’tirof etish kerak. Shuningdek, frilanserlar esa qonuniy ish yuritish imkoni ’outsoursing‘ xizmatlarini kengaytirmoqda. Bundan tashqari, ITga oid yangi universitetlar, o‘quv markazlar va mahalliy onlayn o‘quv servislar chekka hududlardagi yoshlarda ham sohani o‘rganishga imkon bermoqda.
Qiyin paytlarda takrorlab turadigan she’rim
Dasturchi bo‘lsam-da, kitob mutolaasiga vaqt ajratishga harakat qilaman. Jek Londonning “Martin Iden” asari sevimli kitoblarimdan biri. Kitob maqsadi bor bo‘lgan inson qo‘lidan barcha narsa kelishi va hayotdagi imkoniyatlar va odamlar haqida ko‘proq tushunchaga ega bo‘lishga yordam beradi. Muallifning “Dengiz Bo‘ri” kitobi ham ko‘plarga ma’qul keladi.
Viktor Gyugoning “Kulayotgan inson” kitobi ham menda yaxshi taassurot qoldirgan. Tarixdagi voqealar, insonlarning o‘zaro munosabati, qadriyatlar va boylikning qorong‘u tomonlarini yoritadigan kitob. Yaxshilikning qadrini yomonlik soyasida ko‘rishga, insoniylik va hamdardlik tuyg‘ularini chaqiradigan asar.
Erik Mariya Remarkning “Uch og‘ayni” asari ajoyib kitoblar sirasiga kiradi. Undan urushdan qaytganlarning hayoti, ularning urushdan keyingi kechinmalari, maqsad-u niyatlari va urush sabab qiyinchiliklarini yoritib bergan.
Bir she’r ham qo‘shib ketay. Ingliz shoiri Ridyard Kiplining “Agar” she’rini ko‘pchilik o‘qimagan bo‘lsa kerak. Uni o‘zbek tilida uchratmaganman, lekin rus tilida Lozinskining tarjimasi bor. Mushkul va qiyin paytlarda takrorlab turadigan she’rim.
Hayot missiyasi sodda bo‘lishi mumkin emas
Ota bo‘lganligim sabab, farzandimni shifokorga olib borganimda, ona-bola burchagi borligi juda quvontiradi. Chunki kutayotgan paytda kichikintoy o‘yinchoqlar bilan chalg‘ib, kiyimini almashtirish va ovqatlantirish imkoni bo‘ladi. O‘zimni esimda borki, bolaligimda bunday burchaklar O‘zbekistondagi poliklinikalarda bo‘lgan, ularni qayta joriy etish, ancha qulaylik yaratar edi.
Bundan tashqari, mahallalarda bog‘chaga chiqmagan bolalar uchun haftalik ochiq eshiklar bor. Bunda bolalar birga o‘zaro muloqot-munosabatda bo‘lib o‘ynashadi, ota-onalar tanishishadi va tajriba almashadi. Bu bilan bolaning kognitiv qobiliyatlari kichik yoshdan boshlab rivojlanadi.
Savolning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, ikki so‘z bilan aytganda, baxt topish va birov baxtiga sababchi bo‘lish ezgu niyatlarimdan. Kengroq esa o‘z kasbimning yuqori darajali mutaxassisi bo‘lish, bilim va tajribam bilan yaqindan bo‘lishish, vatanimga qaytib ham kasbiy va ko‘ngilli ishlar orqali jamiyatga yordam berish. Yuqoridagi gaplarim balandparvoz gaplardek tuyulishi mumkin, lekin hayot missiyasi sodda bo‘lishi mumkin emas.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter