Inspektor ogohlantiruviga qaramay, uning xizmat mashinasini urib qochgan haydovchi qo‘lga olindi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Kobalt haydovchisini IIB xodimlari tomonidan yo‘li to‘silib, unga «to‘xtash» ishorasida ogohlantiruv berilishiga qaramay, u inspektor xizmat mashinasini urib qochgan.
«Har qanday hatti-harakat javobsiz qolmaydi»,— deydi «Xabar.uz»ga holat haqida ma’lumot bergan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.
Viloyat IIB axborot xizmati rahbariga ko‘ra, Kobalt haydovchisi spirtli ichimlik iste’mol qilganlikda gumonlanmoqda.
Shuhrat Jalolovning so‘ziga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda qorako‘llik haydovchining qoidabuzarligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda videoxabar tarqalgunga qadar, uning shaxsini aniqlashga kirishilgan bo‘lgan. Haydovchi o‘zining mashinasida noma’qul hatti-harakatlari bilan Qorako‘l tumani IIB JXX XPB profilaktika inspektori, katta leytenant Abdullo Rustamov o‘g‘li boshqaruvidagi xizmat mashinasini urib qochgan.
Ta’kidlanishicha, 28-noyabr kuni soat 13:00 larda Qorako‘l tuman IIB JXX XPB profilaktika inspektori o‘z boshqaruvida bo‘lgan Kobaltda tuman markaziy shifoxonasidan «Paxtakor» mahallasi tomonga harakatlanib borayotgan bo‘lgan. Tuman markaziy Dehqon bozori hududida uning avtomashinasi ro‘parasidan yon oynalari qoraytirilgan, davlat raqam belgisiz, qora rangli Kobalt kelib qolgan. Hududda xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar organlari xodimlari haydovchiga «to‘xtash» ishorasini berishgan va og‘zaki ogohlantirib, yo‘lini to‘sishgan. Biroq, haydovchi ularning qonuniy talabiga bo‘ysinmagan va inspektor boshqaruvidagi Kobaltning old qismiga qasddan urib, unga shikast yetkazib, voqea joyidan noma’lum tomonga qochib ketgan.
«Holat sodir bo‘lgan vaqtdayoq, xizmat xodimlari tomonidan harakat boshlangan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlarining tezkor harakati bilan haydovchining shaxsiga aniqlik kiritildi. Olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida ushbu holatni sodir etgan shaxs Qorako‘l tumani «Quvvacha» mahallasida yashovchi 33 yoshli fuqaro J.M. ekani aniqlandi»,— deydi Shuhrat Jalolov.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi o‘ziga tegishli avtomashinani Olot tumanidagi «Nurobod» mahallasida tashlab qochib ketgan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
«Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmay, qonuniy talablarni mensimasdan, unga bo‘ysinmagan holda turli qoidabuzarlik va qonunbuzarliklarni keltirib chiqaradigan har qanday hatti-harakat javobsiz qolmaydi»,— dedi axborot xizmati rahbari.
Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi hamda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter