Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsiya vazirligi yangi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha «Huawei» bilan hamkorlik qiladi

Innovatsiya vazirligi yangi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha «Huawei» bilan hamkorlik qiladi

«Huawei» kompaniyasi O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston davlat organlari vakillarining Xitoyga navbatdagi tashrifini tashkil qildi. «Tashrifdan maqsad innovatsion texnologiyalar hamda davlat organlari boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar bilan tanishishdir», deb xabar berdi Innovatsiya vazirligi axborot xizmati. 

Tashrifning birinchi kuni delegatsiya vakillari Xunan viloyati markazi bo‘lmish Chansha shahriga yetib keldilar. Shahar to‘rtta asosiy sanoat zonasiga bo‘lingan bo‘lib, u yerda uchta ilmiy-texnologik tadqiqotlar markazi va beshta innovatsion texnopark joylashgan. Mazkur markaz va texnoparklarda faoliyat yuritadigan 20 mingta kompaniyaning umumiy yillik oboroti 60 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.

Foto: Innovatsiya vazirligi axborot xizmati

Yurtimiz vakillari Chansha yuqori texnologik industrial zonasini tomosha qilisharkan, texnoparklar faoliyati, ishlab chiqarilayotgan texnologiyalar, qishloq xo‘jaligidagi, jumladan, urug‘chilik bo‘yicha innovatsiyalar, biotibbiyotga doir ishlanmalar, energiya tejovchi kashfiyotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyati, patentlangan ixtirolar va boshqa yangiliklar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Chansha industrial zonasi rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarov O‘zbekistonda texnoparklar, innovatsion markazlar va ilmiy-tadqiqot institutlarini ochishga keng imkoniyat yaratilayotganini va bu borada xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi.

Foto: Innovatsiya vazirligi axborot xizmati

«O‘zbekiston Xitoy xalqaro institutlari, ilmiy birlashmalari bilan hamkorlik qilishga tayyor. Qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, yengil va og‘ir sanoat, energetika kabi sohalarga innovatsion yechimlar hamda texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha xitoylik mutaxassislarni birgalikda faoliyat yuritishga rasman taklif qilamiz», — dedi Baxtiyor Umarov.

O‘z navbatida mezbonlar «aqlli shahar», «samarali energiya tejash», «xomashyoni qayta ishlash», «aqlli qishloq xo‘jaligi», «telekommunikatsiya» singari konsepsiyalarga joriy etish mumkin bo‘lgan innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni nazarda tutadigan bayonnomani imzolashga rozilik bildirdilar.

Foto: Innovatsiya vazirligi axborot xizmati

Telekommunikatsiya va innovatsion yechimlar bo‘yicha Xitoyning eng ilg‘or korxonalaridan sanaladigan «Huawei» va «Waison» kompaniyalari mazkur loyihalarni O‘zbekistonda amalga oshirish va texnoparklarni yaratishda ishtirok etadi.

Delegatsiyaning Shenchjen shahriga tashrifi ham rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring