Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Imom noibi keskin chiqish qilishi sabab vazifasidan ozod etildi

Imom noibi keskin chiqish qilishi sabab vazifasidan ozod etildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilayotgan imom noibi chiqishiga rasmiy munosabat bildirdi.

«Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Uch tepa tumani «Aziz ota» jome masjidi imom noibi vazifasida ishlab kelgan Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zboshimchalik ila keskin chiqishi fuqarolarning bahs-munozalariga sabab bo‘lmoqda.

Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoq orqali imomlik maqomi va amaldagi qonun-qoidalarga e’tibor qilmay, go‘yoki Islom dini samosud qilishga chaqirishi to‘g‘risidagi qarashlari aslida dinimiz ta’limotiga zid va voqelikka nisbatan O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini ifoda etmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarni amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi har qanday chiqishlarni qat’iy qoralaydi hamda ularni qonunchilik talablariga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lishga va to‘la rioya etishga chaqiradi», deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, diniy idoraning avval qabul qilingan va ijroga yo‘naltirilgan hujjatlarida masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar amaldagi qonunchilik, odob-axloq qoidalari, mehnat majburiyatlariga amal qilish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida diniy asosda adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatmaslik, noxolis va salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqish qilmaslik talablari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2022-yil 13-sentyabr kuni chiqarilgan 01/A 128-sonli buyruqda ham diniy soha vakillarining masjidlar va diniy marosimlarda, Internet tarmog‘idagi chiqishlarida ijtimoiy beqarorlikka, milliy yoki diniy asosda nizo keltirib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatmaslik alohida ta’kidlangan.

«Afsuski, yuqoridagi talablarga qaramay, Vohidov Mirsobit o‘z chiqishida huquqiy-me’riy hujjatlar talablarini buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlaridagi talablarga rioya etmadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Odob-axloq komissiyasi tomonidan Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishi, shuningdek, diniy idora ichki me’yoriy hujjatlari talablarini qo‘pol ravishda buzgani hamda amaldagi qonunchilikka hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani ko‘rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2022-yil 19-sentyabr kungi buyrug‘i bilan Vohidov Mirsobit bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi hamda uni egallab turgan vazifasidan ozod etildi», deyiladi bayonotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring