Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki shakar zavodidagi ommaviy ishdan bo‘shatish holati o‘rganildi

Ikki shakar zavodidagi ommaviy ishdan bo‘shatish holati o‘rganildi

Avvalroq Angren va Xorazmdagi shakar zavodlarida ommaviy ravishda xodimlarni ishdan bo‘shatilayotganligi to‘g‘risida «Angren shakar» MChJ matbuot xizmati xabar bergandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish davomida «Angren shakar» va «Xorazm shakar» ma’suliyati cheklangan jamiyatlarida ishchi xodimlar jamiyat tashabbusi bilan ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilmaganligi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sababli ish faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgani, hozirgi kunda zavodni ishga tushirish choralari ko‘rilayotganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, «Xorazm shakar» ma’suliyati cheklangan jamiyatida 1081 nafar ishchi bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda 418 nafar ishchi xodimlar korxona o‘z ish faoliyatini qayta tiklagunga qadar ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelayotganligi, faqatgina o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘rab murojaat qilgan xodimlar ishdan bo‘shatilganligi ma’lum bo‘lgan.

«Angren shakar» ma’suliyati cheklangan jamiyatida esa hozirgi kunda 550 nafar xodim bo‘lib, 2020 yilning iyun oyidan oktyabr oyiga qadar jami 170 nafar xodim bilan taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar o‘z vaqtida to‘lab berilgan. Karantin cheklovlari o‘rnatilganligi korxonaning shakar oldi-sotdisiga jiddiy zarar yetkazganligi sababli jamiyat faoliyatini 2020 yil iyun oyida to‘xtatilishi munosabati bilan korxona xodimlarining xohishiga binoan mehnat ta’tillari va o‘z hisobidan ta’tillar berilgan. Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari uchun esa xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lab berilgan.

Mehnat kodeksining 102-moddasida ish beruvchi, kamida 2 oy oldin har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnat haqi miqdorini ko‘rsatgan holda, bo‘lajak ishdan ozod qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mahalliy mehnat organiga ham ma’lum qilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman bandlikka ko‘maklashish markazlariga «Angren shakar» va «Xorazm shakar» ma’suliyati cheklangan jamiyati ishchilari ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilmagan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan holatlarni oldini olish maqsadida «Angren shakar» va «Xorazm shakar» ma’suliyati cheklangan jamiyati ishchilariga mehnat ta’tillarini va ish haqlarini mehnat qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda va o‘z vaqtida berish, xodimlarni ishdan bo‘shatishda Mehnat kodeksi talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berilgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring