Shakar o‘zi qanday ishlab chiqariladi? (foto)
Bugun, 16 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan jurnalistlar uchun «Angren shakar» MChJga press-tur tashkil etildi. Press-turda zavod vakillari, bir qator vazirlik va idoralar rahbariyati va OAV xodimlari qatnashdi.
Press-tur davomida shakar zavodi bosh direktori Rustam Akbarxo‘jayev shakar xomashyosini olib kelish, ishlab chiqarish va boshqa mashaqqatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Aytilishicha, shakar ishlab chiqarish hajmi dastlabki 5 oyda o‘tgan yilga qaraganda 21 foizga oshgan. 2021 yil yanvar-mayda 129 ming tonna ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil shu vaqtda bu ko‘rsatkich 157 ming tonnaga yetgan. Birja orqali sotilgan shakar hajmi esa 75 ming tonnadan 91 ming tonnaga borgan.
Ayni paytda shakarga bo‘lgan talabni qodirish maqsadida «Angren shakar» bir sutkada 1100 tonna shakar ishlab chiqaryapti. Aslida korxona yiliga 300 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Mazkur zavodda shakar ishlab chiqarishda saxarozaning sofligiga katta e’tibor beriladi. Davlat standarti bo‘yicha saxaroza miqdori 99,7 foizdan kam bo‘lmasligi kerak. Zavoddagi bu miqdor ayni paytda 99,8 foizdan ortiqni tashkil qiladi.
Zavoddagi texnika vositalari Germaniya, Belgiya, Avstriya va Finlandiyadan keltirilgan bo‘lib, jahon standartlariga to‘la mos keladi. Qolaversa, barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan. Zavodda 4 smenada ish olib boriladi, ya’ni kechayu kunduz to‘xtamaydi.
Shakar xomashyosi asosan Braziliyadan olib kelinadi, vaziyatga qarab Argentina va Meksikadan ham keltiriladi. Dengiz orqali keladigan yuklar dengiz portlari bilan O‘zbekistonga kiradi. Buning uchun bir qator davlatlar bilan kelishuvlar bor, yana yangi muzokaralar davom etmoqda.
Avvalroq zavod rahbariyati shakar «ajiotaji» bilan bog‘liq gap-so‘zlarga oydinlik kiritib, buning sabablarini keltirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter