Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib bo‘lgan bir qator rahbarlar bor» — Shavkat Mirziyoyev

«Huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib bo‘lgan bir qator rahbarlar bor» — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida huquq-tartibot sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusidagi vazifalarni belgilab bermoqda.

«Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik va bu borada katta o‘zgarishlarni boshladik.

Yangi O‘zbekiston, bu – huquqiy davlat ekanligini yangilangan Konstitutsiyamizda ham muhrlab qo‘ydik.

Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilishdan iborat», — dedi davlat rahbari so‘zining avvalida.

Birgina oxirgi ikki yil ichida huquq-tartibot faoliyatiga oid 10 ta qonun, 40 ga yaqin Prezident farmon va qarorlari, 60 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingani qayd etildi.

Huquq-tartibot organlari, ayniqsa ichki ishlar xodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va ko‘plab imtiyozlar berildi.

Bevosita «mahalladagi beshlik» uchun 30 mingdan ortiq yangi shtatlar kiritildi.

«Aslida ham, aholining tinchligini ta’minlash mahalladan boshlanishi kerak.

Lekin mahallada jinoyatchilikni jilovlash ahvolidan xalqimiz qanchalik rozi?», - deya savol qo‘ydi Prezident.

Misol uchun, o‘tgan olti oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan.

Qotillik va tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarning 50 foizi oilaviy-maishiy nizolar va muntazam janjallar oqibatida, o‘g‘rilikning 70 foizi ishsizlik va moddiy yetishmovchilik sabab, yoshlar va o‘smirlar jinoyatlari, asosan, oiladagi muhit va huquqiy savodxonlik yetishmasligi tufayli sodir bo‘lmoqda.

Shuningdek, ayrim huquq-tartibot idoralari rahbarlari jinoyatchilikni oldini olishda jilovni qo‘yib yuborgan.

«Ular orasida shaxsiy manfaatlarini kasbiy majburiyatlaridan ustun ko‘rayotgan, huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib bo‘lgan bir qator rahbarlar ham bor», - dedi davlatimiz rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring