Hujjatni yaxshilab ko‘rgach, uning haqiqiyligiga shubhalanishdi — Soxta xodim qo‘lga olindi
8 aprel kuni Shayxontohur tumani Nurafshon ko‘chasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari xizmat olib borishlari davomida «Lasetti» rusumli avtomobil to‘xtatildi. Tekshiruv davomida haydovchi SEX ishchisining guvohnomasini taqdim etdi. Hujjatni yaxshilab ko‘zdan kechirgan xodimlar uning haqiqiyligiga shubhalanib qolishdi.
Sanitariya epidemiologiya nazorati xizmati orqali aniqlashtirish ishlari natijasida mazkur shaxs u yerda ishlamasligi ma’lum bo‘ldi. Guvohnoma haqiqatan ham qalbaki edi. Qonuniy choralar ko‘rilishi uchun 43 yoshli qashqadaryolik Sanjar Sh. Shayxontohur tumani IIO FMB 4-son IIBga olib kelindi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228 moddasi («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar! Hujjatlar qalbakilashtirish va soxtalashtirish sizga yordam bermaydi. Karantin qoidalariga amal qilishdan bosh tortayotgan ba’zi fuqarolar nafaqat o‘zlarini, balki yaqinlarini ham xavf ostiga qo‘yishmoqda. Aql bilan ish tuting, uyingizni zaruratsiz tark etmang.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter