Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hooooy, g‘aflat uyqusidan uyg‘oninglar!» – bloger keskin talab bilan chiqdi

«Hooooy, g‘aflat uyqusidan uyg‘oninglar!» – bloger keskin talab bilan chiqdi

Foto: «Xabar.uz»

Rossiyalik tarixchi Mixail Smolinning «1917 yilgi inqilobga qadar o‘zbeklar millati sifatida mavjud bo‘lmagan» degan da’vosi o‘zbekistonlik ziyolilarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev o‘zbek xalqiga ochiqdan-ochiq tahdid qilayotgan bu kabi kimsalarga keskin choralar ko‘rishni talab qildi.

Yolg‘on propaganda bilan sof ilm-fanni chalkashtirib-chog‘ishtirib yuborgan Mixail Smolin NTV telekanali efirida MDH mintaqasidagi bir qator suveren davlatlar xalqlarining millat sifatidagi ko‘p asrlik tarixini sullohlarcha rad etadi.

«Qozog‘iston qanday paydo bo‘lganini olaylik. Avval RSFSR tarkibidagi Qozoq Respublikasi deb ataldi. Ya’ni qozoqlar umuman mavjud emas edi. Keyin Qozog‘iston SSR ichida Qirg‘iziston ASSR tuzildi. Keyin u RSFSRdan ajratildi. Sirasi, millatlarni shakllantirishga doir qarorlar shaxsiy iroda asosida qabul qilindi. Masalan, o‘zbeklar ham inqilobga qadar mavjud emas edi. Bunday etnik nom yo‘q edi. Bir necha O‘rta Osiyo xalqlaridan o‘zbeklar hosil qilindi. Xo‘sh, ozarbayjonlar kim – bunday millat yo‘q», – deydi propagandachi.  

Xushnud Xudoyberdiyev Rossiya bosqinchi propagandasining bu kabi tahdidlari tasodifiy emas deb hisoblaydi.

«Bu kabi holatlar shunchaki tasodif ekanligiga ishonish uchun aqli noraso bo‘lish kerak. Sog‘lom odam bularning barchasi nima uchun qilinayotganini yaxshi biladi. Chunki Ukrainaga bosqin ham aynan mana shu kabi umumiy tezislar asosida boshlangan. Ya’ni uzoq yillar shovinistik propaganda mashinasi tomonidan Ukrainaning davlatchilik tarixi yo‘qligi, millat sifatida mavjud emasligi, Lenin yaratgan sun’iy davlat ekanligi haqidagi cho‘pchaklar rus xalqi ongiga singdirilgan va bugun buning oqibatini hammamiz ko‘rib turibmiz», – deydi bloger.

X.Xudoyberdiyevning kuyunib yozishicha bu kabi axboriy hamlalarni jiddiy qabul qilish, Vatanimiz mustaqilligini himoya qilish uchun aqlni ishlatish va kerakli choralarni ko‘rish kerak. Agar hozir aql ishlatilmasa, ertaga Vatan himoyasi uchun qurol ishlatishga to‘g‘ri keladi.

«Nega biz mana shunaqa isqirtlarga qarshi biror chora ko‘ra olmaymiz? Nega doim rus shovinistlariga qarshi muloyim va bag‘rikeng munosabatda bo‘lamiz? Nega Rossiya elchisini «chaqirtirmaymiz-u», shunchaki «taklif etamiz»? Nega butun boshli O‘zbekistonni bosib olish haqida gapirganlarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atmaymiz? Nega o‘zbek xalqini yerga urganlarni O‘zbekistonga kirishini taqiqlash haqida qarorlar qabul qilmaymiz? Nega doim qo‘rqib yashashimiz, «katta og‘a» nima derkan deb, og‘zini poylab turishimiz kerak?» – deya og‘riqli savollarni qo‘yadi u.

Bloger rossiyaparast o‘zbekistonliklarni ham ko‘zini kattaroq ochishga undagan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda ham doim Rossiyaning yonini oladigan, u nima qilsa to‘g‘ri deb hisoblaydigan va ming afsuski, millionlar afsuski, milliardlar afsuski, hatto O‘zbekistonni Rossiya bosib olishini ham qo‘llab-quvvatlaydigan yurtdoshlarimiz ham borki, ular ham ko‘zlarini ochishlari kerak. Sal odamga o‘xshab mantiqiy fikrlashni boshlashi, pushti ko‘zoynakni yechishi kerak. Vatanini sevishi kerak. Buning uchun esa eng avvalo iflos rus propaganda telekanallarini O‘zbekistonda cheklash kerak. Bu ilk qadam bo‘lishi shart! Hooooy, g‘aflat uyqusidan uyg‘oninglar!» – deya xitob qiladi X.Xudoyberdiyev.

Boshqa bir guruh faollar ham O‘zbekiston hududida Rossiyaning barcha propaganda kanallarini yopish, zudlik bilan O‘zbekistonga kirishi taqiqlangan kishilar ro‘yxatini joriy qilish va ushbu ro‘yxatga M.Smolin kabi shaxslarni tirkashni taklif qilgan.

Bu Kreml propagandachilarning yaqin vaqt ichidagi ikkinchi kuchli axboriy xurujidir. 2023 yil dekabr oyida «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish da’vosi bilan chiqqan edi.  Provokatsion bayonot ortidan Rossiya elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

Keyinroq «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi rahbariyati Zaxar Prilepinga nisbatan hech qanday jazo qo‘llanmasligini ma’lum qilgan.

O‘shanda ham bir guruh siyosatshunoslar Prilepin lafzida yangragan bosqinchilik da’vosi prezident Vladimir Putinning asl maqsad-muddaosi ekani, Kreml imperiyachilik g‘oyasidan voz kechmasligi, binobarin, shunga muvofiq ravishda kerakli choralar ko‘rish kerakligini uqtirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring